Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) – dunyoda tinchlikni mustahkamlash va xavfsizlikni ta’minlash, davlatlarning o‘zaro hamkorligini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan xalqaro tashkilot hisoblanadi. Xalqaro amaliyotda har yili 24-oktabr BMT nizomi kuchga kirgan kun sifatida nishonlanishi belgilangan.

BMT Nizomida ko‘rsatilganidek, u xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash, xalqlarning teng huquqli bo‘lishi va o‘z taqdirini o‘zi belgilashi qoidasiga amal qilib, millatlar o‘rtasida do‘stlik munosabatlarini rivojlantirishni, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy muammolarni hal etishda xalqlar o‘rtasida hamkorlik bo‘lishini ta’minlaydi.

Bu borada O‘zbekiston Milliy universitetining “Siyosatshunoslik” kafedrasi professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari o‘rtasida har yili an’anaga aylanib borayotgan “O‘zbekiston-BMT” haftaligiga start berildi.

Mazkur haftalik doirasida universitetning “Siyosatshunoslik” kafedrasi tashabbusi bilan talaba-yoshlarni ijtimoiy-siyosiy bilim va slohiyatlarini oshirishga qaratilgan bir qancha loyihalar amalga oshiriladi.

Jumladan, bu yilgi haftalik “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati” mavzusi doirasida bo‘lib o‘tmoqda. Unda talaba-yoshlar o‘rtasida “Ijodiy insholar” tanlovi, “Blits savol-javoblar”, “Zakovat” intellektual musobaqasi hamda talabalarning imitatsiyalashgan “BMT moduli” kabi bir qancha loyiha dasturlari o‘rin olgan.

Shu yilning 21-oktabr sanasida universitetning “Siyosatshunoslik” kafedrasi professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirokida “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati” mavzusidagi talabalarning imitatsiyalashgan “BMT-moduli” tashkil etildi. Unda jahonning 50 ga yaqin mamlakatlarida yoshlar siyosati borasida amaliy islohotlar mazmuni, yoshlarning erishayotgan yutuqlari hamda yoshlarning ijtimoiy-siyosiy hayot faoliyatini yanada barqarorlashtirishda milliy va xalqaro normalar talabalar tomonidan atroflicha o‘rganilib, imitatsiyalashgan BMT sammiti doirasida rolli o‘yinlar asosida muhokama qilindi.

Universitetning “Siyosatshunoslik” ta’lim yo‘nalishi 2-kurs talabalari tomonidan tashkil etilgan imitatsiyalashgan “BMT moduli”ni kuzatish uchun Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Toshkent davlat transport universiteti hamda boshqa bir qator OTMlarning ham talaba-yoshlari ishtirok etishdi.

Mazkur tadbirdan ko‘zlangan maqsad “talaba-yoshlarimiz ongida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonlaridan xalqaro tashkilotlar doirasida ilgari surilayotgan tashabbuslarini yoshlar ongiga chuqur singdirish va ularni faol fuqarolik ruhida tarbiyalash, inson qadri, huquqi va erkinligini ta’minlash, aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish borasida bilim, ko‘nikma va tajribalarni mustahkamlashdir” deb ta’kidlaydi tadbir tashkilotchilaridan “Siyosatshunoslik” kafedrasi professori, siyosiy fanlar doktori (DSc) Kamoliddin Mirzaaxmedov.
O’zMU Axborot xizmati