Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida poytaxt bitiruvchi yoshlari bilan uchrashuv o‘tkazildi

Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini bandligini ta’minlash va kasbga yo‘naltirish orqali kelajakka tayyorlash davlatimiz yoshlar siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Shu maqsadda mamlakatimizda bitiruvchi talaba-yoshlar bilan tizimli va manzilli ishlar olib borilmoqda.

Xususan, butun respublika bo‘ylab bitiruvchi talabalar bilan uchrashuvlar tashkil etilib, muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlar ishtirokida “Biznes marafon” seminar-treninglar hamda ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan tadbirlar o‘tkazilmoqda. Uchrashuvlar davomida bitiruvchilar bilan ochiq muloqotlar tashkil etilib, ularning kasbiy qiziqishlari, istiqboldagi rejalari, duch kelayotgan muammo va to‘siqlari o‘rganilmoqda.

Joriy yilning 10-iyul kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi,  Toshkent shahar hokimligi,  Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi,, Savdo-sanoat palatasi, Yoshlar ishlari agentligi, “O‘zmilliybank” AJ “Kelajakka qadam” markazi hamda 50 dan ziyod xususiy tadbirkorlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan bitiruvchi yoshlarning bandligini ta’minlashga qaratilgan uchrashuv va bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi ana shunday muhim amaliy tadbirlardan biri bo‘ldi.

Muloqotda poytaxtimizdagi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, 2 mingdan ziyod bitiruvchi talaba-yoshlar, yirik tadbirkorlar va soha korxona-tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Uchrashuvda soha vakillari va mas’ul mutasaddilar tomonidan talabalar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, kasbga yo‘naltirish va bandlik masalalari muhokama qilindi. Mazkur tadbirda O‘zbekiston Milliy universiteti rektori, professor Inom Madjidov ham qatnashdi.

Tadbir doirasida bitiruvchi kurs talabalari uchun muvaffaqiyatga erishgan taniqli tadbirkorlar ishtirokida “Biznes marafon” motivasion seminar-trening hamda bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etilib, bitiruvchilarga real ish takliflari taqdim qilindi. O‘zbekiston Milliy universitetining bitiruvchi kurs talabalari ham yarmarkada qatnashdi.

Shuningdek, “O‘zmilliybank” AJ “Kelajakka qadam” loyihasi doirasida yoshlarga biznesni boshlashda ko‘maklashish, moliyaviy va huquqiy maslahatlar berildi. Amaliy tavsiyalar va ishga joylashish imkoniyatlari bo‘yicha tegishli axborotlar taqdim etildi.

Mazkur uchrashuvlar nafaqat yoshlar bilan bevosita muloqot maydoni, balki ularning kasbiy shakllanishiga xizmat qiluvchi real platforma vazifasini o‘tamoqda. Bugungi yoshlarga bilim, motivatsiya va imkoniyat berish — bu nafaqat ularning shaxsiy rivojiga, balki umummilliy taraqqiyotga qaratilgan katta tashabbusdir. O‘zbekistonda davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlik, yoshlar uchun ochiq muloqotlar va maqsadli loyihalarning amalga oshirilishi, yurtimizning barqaror iqtisodiy va ijtimoiy rivojida mustahkam tayanch vazifasini o‘tamoqda.

Uchrashuvda poytaxdagi yirik tadbirkorlar, Oliy ta’lim muassasalarining rektorlari va bitiruvchi yoshlar bilan samimiy va ochiq muloqot o‘tkazildi. Bitiruvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Bugungi kun yoshlari – ertangi kun yetakchilari. Ularga ko‘mak berish, imkoniyat yaratish va yo‘l ko‘rsatish – bu jamiyat taraqqiyotiga eng katta sarmoyadir.