Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti va O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi hamkorligida mazkur oliy ta’lim muassasasining jurnalistika fakultetida “Uch avlod uchrashuvi” o‘tkazildi.
Tadbirda mehmon sifatida universitetning jurnalistika fakultetini qirq yil oldin tamomlagan taniqli jurnalistlar, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi vakillari va a’zolari, universitet professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdilar.
Jamoatchilik bilan aloqalar va reklama kafedrasi mudiri, dotsent Ramziddin Abdusattorovning “Jurnalistika fakulteti: o‘tmish va kelajak o‘rtasida, ustozlar sabog‘i – shogirdlari kamoli” mavzuidagi ma’ruzasi katta qiziqish bilan tinglandi.
1980-yillarda shu kurs talabalariga matbuot nazariyasi fanidan dars o‘tgan ardoqli ustoz, filologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Muxtor Xudoyqulov bugun yana bir bora “dars o‘tgach”, o‘sha shogirdlaridan hisob so‘radi.
Bunga javoban sobiq talabalar o‘zlarining turli mavzulardagi kitoblaridan hadya etdilar.
– Bugun qirq yillik kursdoshlar diydor ko‘rishib turibmiz,– deydi “Oqdaryo ovozi” gazetasi bosh muharriri Yo‘lchi Muhammad.– Umr oqar daryo deganlaridek, shu dargohda 1980-yillarda birga tahsil olgan kursdoshlarimiz yuzlarida nuroniylik hislari sezilib tursa-da, ularning ko‘zlari xuddi talabalik davrimizdagidek ilmi va ijodga chaqnoqdir. Universitetni tugatganimizdan buyon respublikamizning turli viloyat va tuman gazetalarida faoliyat olib bormoqdamiz. Eng muhimi, biz hali ijoddan to‘xtaganimiz yo‘q! Bugungi uchrashuvda kursdoshlarimiz bilan bo‘lgan qiziq-qiziq voqealarni esladik, ustozlarimizni xotirladik… Uchrashuvni tashkil etgan O‘zbekiston Milliy universiteti va O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasiga katta minnatdorligik izhor etamiz.
O‘zMU Jurnalistika fakulteti dotsenti, “Uch ildiz” ijodiy mahorat maktabi rahbari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi To‘lqin Eshbek katta tajribaga ega bo‘lgan ustoz jurnalistlarga qarata shunday murojaat qildi:
– Tahririyatlaringizga ishlab chiqarish amaliyotiga borishayotgan talabalarimizga ijod sirlarini, kasb mahoratini o‘rgatishda Siz amaliyotchi hamkasblarimizning katta tajribalaringiz juda muhimdir. Kelgusida munosib o‘rinbosar bo‘ladigan jurnalist-kadrlar avlodini kamolga yetkazishda qo‘lni qo‘lga berib hamkorlik qilaveramiz, degan umidamiz.
Matbuot sohasida uzoq yillar samarali faoliyat ko‘rsatgan “Oqdaryo ovozi” gazetasi bosh muharriri Yo‘lchi Muhammadiyev, “Dang‘ara” gazetasi bosh muharriri O‘ktamxon Akbarova, “Muzrabot” gazetasi bosh muharriri Abdusalom Yo‘ldoshev, “Chiroqchi” gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari Gulnora Jo‘rayevalarga O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining “Faxriy yorliq”lari topshirildi.
Mukofotlarni o‘z qo‘li bilan topshirgan ulug‘ ustoz Muxtor Xudoyqulovga ta’zim bajo aylagan shogirdlari bejirim ko‘k to‘n kiygizdilar.