O‘zbekiston Milliy universitetida O‘zLiDeP bilan hamkorlikda 1-oktyabr – “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” bayrami munosabati bilan “Ustoz va murabbiylar – taraqqiyot tayanchi, kelajak bunyodkorlari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov hamda bir guruh olimlar va professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Partiya fraksiyasi rahbari A.Xaitov tadbir ishtirokchilarini bayram bilan tabriklab, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ta’lim sohasidagi islohotlar samarasi, davlatimiz rahbarining o‘qituvchi va murabbiylarga ko‘rsatayotgan e’tibor va g‘amxo‘rligi, ustozlarning yosh avlodni tarbiyalashdagi beqiyos hissasi haqida to‘xtalib o‘tdi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zLiDeP Toshkent shahar Kengashi raisi Ravshan Fazilov, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi, professor Erkin Zaxidovlar so‘zga chiqib, ta’lim sohasiga oid partiya tashabbuslari haqida fikr bildirishdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Milliy universiteti Biologiya va ekologiya fakulteti professori, akademik Bakriddin Zaripov, universitet Xotin-qizlar maslahat kengashi raisi Ra’no Rustamova yangi avlodni tayyorlashda ustozning o‘rni, ta’lim jarayonida innovasion yondashuvlar va raqamli texnologiyalardan foydalanish mavzusida mulohazalari bilan o‘rtoqlashishdi.

Tadbir so‘nggida ustoz va murabbiylarga chuqur minnatdorlik bildirib, ularga bayram sovg‘alari ulashildi.
O‘zMU Axborot xizmati