Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

“Vatandoshlar uchun” davlat grantlariga o‘tkaziladigan tanlovlarda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘ting!

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarini tasdiqlash to‘g‘risida” 2025-yil 18-iyuldagi F–43-son farmoyishi bilan o‘zbek tili va adabiyoti, tarix, madaniyat, san’at va hunarmandchilik yo‘nalishlarida o‘qish istagini bildirgan, xorijda istiqomat qilayotgan yosh vatandoshlar uchun 30 ta davlat granti ajratilgan.

“Vatandoshlar uchun” davlat grantlariga o‘tkaziladigan tanlovlarda ishtirok etish uchun arizalar 2025-yil 10-oktyabr kuniga qadar qabul qilinadi.

Talabgorlardan hujjatlar vatandosh@nuu.uz elektron pochtasi orqali “RAR” formatida qabul qilinadi.

“Vatandoshlar uchun” davlat grantlariga o‘tkaziladigan tanlovlarda ishtirok etish uchun nomzodlarga qo‘yiladigan talablar:

a) shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar asosida nomzodning o‘zi yoki ota-onasi yoxud yaqin qarindoshi; etnik, til va madaniy-tarixiy nuqtayi nazardan o‘zini o‘zbek yoki qoraqalpoq sifatida identifikatsiya qilgan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs bo‘lishi; O‘zbekiston hududida tug‘ilib, istiqomat qilgan, biroq, hozirda xorijda doimiy istiqomat qilayotgan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs bo‘lishi;

b) xorijiy fuqaro sifatida Oʻzbekiston Respublikasi ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatdagi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlaridan biriga abituriyent sifatida ro‘yxatdan o‘tib, suhbat natijalariga ko‘ra talabalikka tavsiya etilgan bo‘lishi;

v) 30 yoshga to‘lmagan bo‘lishi;

g) o‘zbek tilini bilishi lozim.

Maxsus tanlovlar talabgorlar tomonidan tanlangan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga kirish fanlaridan o‘tkaziladi. Bunda fanlar majmuasiga ko‘ra:

a) kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon mavjud bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun tanlangan oliy ta’lim tashkiloti tomonidan kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladi;

b) natijalari oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan taqdim etilgan talabgorlar uchun Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan test sinovlari o‘tkaziladi;

c) kirish imtihonlari test shaklidagi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan test sinovlari o‘tkaziladi.

Maxsus tanlovlar natijalariga ko‘ra ballar ketma-ketligi bo‘yicha eng yuqori natija qayd etgan talabgorlar tanlov yo‘nalishlari kesimidagi o‘rinlarga muvofiq davlat granti sovrindori hisoblanadi.

 

O‘zMU Axborot xizmati