Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

VATANIMIZ MUSTAQILLIGINING SHONLI 34 YILLIGI MUNOSABATI BILAN O‘ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI REKTORINING BAYRAM TABRIGI

 

Universitetimizning qadrli professor-o‘qituvchilari, hamkasblar!

Sizlarni aziz va muqaddas ayyom — Vatanimiz mustaqilligining 34 yillik bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman! Yurtimizda hamisha tinchlik va barqarorlik hukm sursin, xalqimiz farovon, farzandlarimiz baxtli va saodatli bo‘lsin!

Mustaqillik — bu avvalo, yurt ravnaqi, xalq erkinligi va milliy qadriyatlarimizning tiklanishi demakdir. Bugun aziz Vatanimizda milliy istiqlol bayrami yurtimiz bo‘ylab baland ruh va yuksak kayfiyat bilan nishonlanmoqda. “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu da’vat ostida butun jamiyatimiz, jumladan, ilm-ma’rifat maskanlarida ham ulkan o‘zgarishlar, taraqqiyot va islohotlar amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, oliy ta’lim tizimidagi keng qamrovli islohotlar — ta’lim sifati, fan va innovatsiyalarning rivoji, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan ezgu sa’y-harakatlar mamlakatimiz kelajagi bo‘lmish yosh avlod tarbiyasida beqiyos ahamiyat kasb etmoqda.
Muxtaram Prezidentimiz ta’kidlaganidek, ilm-ma’rifat va innovatsiya — yurt taraqqiyotining bosh mezoniga aylanishi lozim.

Aynan shunday ulug‘ va ezgu g‘oyalar bilan yashab, sidqidildan mehnat qilayotgan, pedagogik va ilmiy faoliyat olib borayotgan jamoamizga, professor-o‘qituvchilarga chuqur minnatdorchilik bildiraman. Universitetimizda so‘nggi yillarda qo‘lga kiritayotgan munosib natijalar, xalqaro tan olinish, nufuzli reytinglardagi yuqori o‘rinlar — avvalo, sizlarning fidokorona mehnatingiz, sadoqatingiz va yuksak mas’uliyatingiz samarasidir.

Bir asrdan ziyod tarixga ega bo‘lgan, yurtimizning ilmiy va ma’naviy poydevoriga aylangan ushbu dargoh — O‘zbekiston Milliy universitetining tez orada jahonning eng nufuzli universitetlari qatorida munosib o‘rin egallashiga ishonchimiz komil. Bu yo‘lda universitet jamoasining mehnatkashligi, tashabbuskorligi, ezgu maqsadlar sari qat’iy intilishi — asosiy omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Yurt ravnaqi va millat kelajagi uchun qilayotgan barcha fidokorona mehnatingiz tahsinga sazovor.

Jonajon Vatanimizning istiqlol bayrami barchangizga muborak bo‘lsin!

Hurmat bilan,
Inom Madjidov
O‘zbekiston Milliy universiteti rektori