TOP-1000 universitetlar qatoridan joy olgan O‘zbekiston Milliy universiteti 2026-yil uchun e’lon qilingan QS World University Rankings dunyoning eng yaxshi universitetlari reytingida 60 pog‘ona yuqorilab, 721-730 o‘rinlarni qayd etdi.
Times Higher Education Impact Rankings natijalariga ko‘ra, 6 ta barqaror rivojlanish maqsadi bo‘yicha 201-300 o‘rinlarni egallab, dunyoning top-300 universitetlar qatoridan joy oldi.
Bugun, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov shu munosabat bilan O‘zbekiston Milliy universitetida bo‘lib, oliygoh jamoasini ushbu muvaffaqiyatli natijalar bilan tabrikladi.
Ushrashuvda universitet rektori Inom Madjidov, soha prorektorlari, fakultet dekanlari, bo‘lim boshliqlari, kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilar hamda olimlar ishtirok etdi.
Vazir O‘zMUni yaqin orada dunyoning eng nufuzli TOP-500 talik oliygohlar safidan joy olib, ilm-fan va ta’lim rivojiga katta hissa qo‘shishi va yanada ulkan muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritishiga tilakdosh bo‘ldi.

Shuningdek, vazir tomonidan O‘zbekiston Milliy universitetining tajribasi asosida hududlardagi oliy ta’lim muassasalariga tegishli ko‘mak ko‘rsatish orqali ularning reytinglardagi natijalarini oshirish bo‘yicha taklif bildirildi.
Ushbu tashabbus universitet jamoasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, dastlab, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida joylashgan oliygohlar, xususan, Qoraqalpoq davlat universitetining xalqaro reytingdagi ko‘rsatkichlarini oshirish uchun mazkur OTMga uslubiy, ilmiy ko‘mak berish va bu hamkorlikni tizimli tashkil etishga kelishib olindi.
O‘zMU Axborot xizmati