Bugun, 10-yanvar kuni, xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor Raima Shirinova hamda strategik rivojlanish va xalqaro reytinglar bo‘limi xodimlari jurnalistika va o‘zbek filologiyasi hamda xorijiy filologiya fakultetlariga tashrif buyurishdi. Uchrashuv davomida xalqaro reytinglarda, xususan, QS subject ranking’ning “Modern Languages” yo‘nalishida universitet ishtirokini ta’minlash imkoniyatlari batafsil muhokama qilindi.
Shuningdek, mazkur fakultetlarning ilmiy va ta’limiy salohiyatini xalqaro darajada tanitish, akademik obro‘ ko‘rsatkichlarini oshirish hamda nashrlar sonini ko‘paytirish borasida strategik rejalar ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi. Fakultetlar vakillariga xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, tadqiqot ishlari sifatini yaxshilash bo‘yicha vazifalar yuklatildi. Bundan tashqari, fakultetlar tomonidan xalqaro reytinglar talablariga mos loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq choralar belgilandi.
Bundan tashqari, O’zMU talabalarining turli loyihalar orqali xorij universitetlariga chiqishlari uchun xalqaro aloqalar bo‘limining rasmiy kanalida muntazam ravishda xorijda stajirovka qilish, talabalar almashinuvi dasturlari hamda xalqaro loyihalar bo‘yicha e’lonlar joylashtirib borilishi haqida ta’kidlandi.
Shuningdek, uchrashuv yakunida xorijiy talabalar bilan ishlashning samaradorligini oshirish va ushbu jarayonni yanada takomillashtirish bo‘yicha fikr almashildi. Fakultetlar va bo‘limlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, xorijiy talabalar uchun qulay shart-sharoit yaratish hamda madaniy va akademik integratsiyani kuchaytirish borasida qator takliflar muhokama qilindi.
O`zMU Xalqaro aloqalar bo`limi