



Bugun, 15 may kuni O‘zbekiston Milliy universitetiga Xitoy Xalq Respublikasining Nanjing University of Science and Technology (NJUST) universiteti rektori Fu Menyin boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Mehmonlarni O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan Xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor Raima Shirinova, Kimyo fakulteti, Fizika fakulteti hamda Amaliy matematika va intellektual texnologiyalar fakulteti dekanlari va kafedra mudirlari tantanali ravishda kutib olishdi.
Uchrashuv doirasida Nanjing University of Science and Technology universitetidan xalqaro aloqalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Chen Danxe o‘z universitetining qo‘shma loyihalari va xalqaro hamkorlikdagi tajribalari yuzasidan taqdimot qildi. Shuningdek, O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan Amaliy matematika va intellektual texnologiyalar fakulteti Axborot xavfsizligi kafedrasi mudiri Sherzod Boltayev ham universitet faoliyati, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlari va rivojlanish istiqbollari haqida taqdimot o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida tomonlar:
- universitetlar o‘rtasida ma’lumot va tajriba almashish,
- xalqaro reytinglarda o‘zaro hamkorlikda qatnashish,
- talabalar akademik mobilligini ta’minlash
kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashishdi. Shuningdek, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarni amalga oshirish masalalari ham muhokama etildi.
Uchrashuv yakunida Nanjing University of Science and Technology rektori muallifliklarida yozilgan ilmiy nashrlar va universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan yozilgan kitoblarni taqdim etdi. O‘zbekiston Milliy universiteti va Nanjing University of Science and Technology universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Xalqaro Aloqalar bo’limi