Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

XORAZM FARZANDI EKANLIGIMDAN G‘URURLANAMAN!

 

Mamlakatimiz rahbari hududlar rivoji va aholi hayoti bilan yaqindan tanishish, yangi istiqbolli rejalarni belgilash maqsadida Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi. Xorazm dunyo sivilizatsiyasi va madaniyatiga bebaho hissa qo‘shgan Sharq gavharidir. Bu ko‘hna yurt jahonga dong‘i ketgan ne-ne olimu fozillar, sarkarda va sultonlar, aziz avliyolar, betakror shoir va hofizlar vatanidir.

Xorazmni koʻz bilan emas, aslida qalb bilan koʻrish kerak. Qalb bilan his qilinadigan tarixi, oʻtmishi va albatta buyuk kelajagi bor. Davlat rahbarining tashrifi esa Xorazmni yangidan kashf eta oldi. Yoshlarga yangidan kuch bera oldi.

Tashrif davomida islohotlarning samaradorligi, ularning mahallabay tizimida yo‘lga qo‘yilganligi, aholi hayotida bu islohotlarning o‘z ifodasini topayotganligi namoyon bo‘ldi. Shuningdek, safar davomida qishloq xo‘jaligi va sanoat korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Viloyat faollari, yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazmning boy tarihi, madaniyati, sivilizatsiyasi hamda viloyatning shonli tariximiz bilan yangi islohotlarimizning tutashgan chorraha ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdilar. Jumladan, bu borada aholining farovon hayotini ta’minlash maqsadlariga qaratilgan loyihalar bilan yaqindan tanishdilar. Buyuk bobomiz sharafiga munosib inshootlar barpo etish maqsadlariga xizmat qilayotgan Al-Xorazmiy shaharchasining qurilishi, shaharcha markazida samolyotdan tushgan mehmonlarning ko‘z o‘ngida avvalo jahon sivilizatsiya jarayonlariga ulkan  hissa qo‘shgan Xorazmiy bobomizning muazzin haykali qad rostlashi madaniyatimizning yanada yorqin ifodasi bo‘lib xizmat qiladi. Shu bilan birgalikda, Al-Xorazmiy universiteti va ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etish bo‘yicha qaror imzolanishi hamda bu dorilfununda matematika, informatika, aerokosmik texnologiyalar muhandisligi va sun’iy intellekt fakultetlarining tashkil etilishi yurtimiz ertasi bo‘lgan yoshlarga yaratilayotgan keng islohotlardan biri bo‘ldi, desak adashmagan bo‘lamiz.

Barchamizga ma’lumki Xorazm diyori o‘zining betakror tarixiy ko‘rinishi, ihtishomli bino va inshootlari bilan o‘lkamizning muhim turistik markazidir. Binobarin, mamlakatimiz rahbari ham viloyatni mintaqadagi yetakchi turistik markazlardan biriga aylantirish uchun Xorazmning imkoniyatlari yetarli ekanligini aytdilar. Turistik jihatdan yana bir noyob majmua – “Arda Xiva” inshootining ochilishi ham Prezident tashrifining muhim voqeasi bo‘ldi. Shuningdek, bu majmua albatta xalqimiz boy tarixining, hunarmandchiligining, badiiy va amaliy san’atining yanada yorqin namoyon bo‘lishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, mamlakatimiz rahbari mana shu yerda xorazmlik yoshlar bilan samimiy muloqot qildi. Ularning ko‘zlarida porlayotgan shijoat, g‘ayrat bardavom bo‘lish kerakligiga, Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans jarayonlarining bunyodkorlari aynan yoshlar ekanligiga urg‘u berdilar.

Ma’naviyat sohasida faoliyat yuritayotgan yosh olim, mutaxassis sifatida mana shu samimiy muloqotda davlatimiz rahbarining ma’naviy meros, uning hayotimizda tutgan muhim roli hamda bu borada yoshlarga bergan o‘gitlari aks etgan quyidagi nutqi men uchun yana bir muhim eslatma bo‘ldi hamda xalq manfaati yo‘lida mas’uliyat va javobgarlik hissining yanada ortishiga sabab bo‘ldi:

“Har qanday zaxira, yerosti boyliklari qachondir tugaydi. Lekin bobolarimiz bizga shunday buyuk ma’naviy meros, ulug‘vor obidalar qoldirganki, ular asrlar davomida xalqqa xizmat qilib kelyapti. Biz mana shu boylikdan elimiz manfaati yo‘lida foydalanishimiz kerak. Ancha ishlar qilindi, lekin hali rejalar ham ko‘p. Men bu yo‘lda siz, yoshlarga ishonaman. Sizlar baland cho‘qqilarni ko‘zlab, shunga yarasha bilim olsangiz, zamonaviy kasblarning ustasi bo‘lsangiz, yuksak maqsadlarimizga albatta erishamiz”.

Shunday ekan, har birimizning maqsad-rejamiz, har bir islohotimiz odamlarning hayotini yaxshilashga, ularni rozi qilishga qaratilgan bo‘lishi darkor.

Xorazm tuprogʻi azim tuproqdir. Bu joy tuproqlarida Shiroq-u, Xorazmiylar, Jaloliddin Manguberdi qoni bor. Ana shu buyuk qonlar haqqi ham bugun avlod har kungidan ham kuchliroq boʻlishi kerak deb oʻylaymiz!