Bugun, 24-sentyabr kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti hamda Sirdaryo viloyati Xovos tumani hokimligi hamkorligida universitet talabalari hamda mazkur tuman o‘quvchi-yoshlari ishtirokida «Xovos – tarixiy izlar, qadriyatlar va yangi imkoniyatlar maskani» shiori ostida ta’lim va turizm forumi o‘tkazildi.

Unda universitet rahbariyati vakillari, talaba-yoshlari, Sirdaryo viloyati Xovos tumani hokimligi, arxeologlar, tarixchi olimlar, turizm sohasi mutaxassislari hamda mazkur tumandagi 1, 10, 11, 12, 13, 14, 15, va 27-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchi-yoshlari va pedagoglari, jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Forum doirasida Xovos tumanidagi tarixiy yodgorliklar, qadimiy madaniy qatlamlarni ilmiy tadqiqotlar asosida o‘rganish, tumanda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijalarini, madaniy merosni jamoatchilikka yetkazish, turistik ob’yektlarining jozibadorligini namoyish etish, tarixi va etnografiyasini o‘rganish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish, ularni zamonaviy turizm bilan uyg‘unlash va turizm infratuzilmasiga samarali tatbiq etish maqsad qilindi.
Dastlab, forum ishtirokchilari Xovos tumanining “O‘lkashunoslik” muzeyiga tashrif buyurib, u yerda 2700 yillik tarixga ega bo‘lgan 200 dan ortiq tarixiy ashyolar va eksponatlar bilan tanishishdi. Ushbu muzeyda O‘zMU olim va tadqiqotchilarining Xovos turizmi ilmiy-amaliy ishlanmalari burchagi tashkil etildi. So‘ngra Eski Xovos shaharchasi, Toltepa arxeologiya yodgorligi, Sadu-Siad, Sher bobo, Yusuf bobo, Bibi hadicha ziyoratgohlariga ekskursiyalarni uyushtirishdi.

Mazkur Forum doirasida universitet olimlari tomonidan “Xovos – Buyuk ipak yo‘li chorrahasida muqaddas qadamjolar maskani”, “Xovos – tarix va tabiat uyg‘unligi”, “Xovos: milliy meros va zamonaviy turizm” mavzularida seminar-trening o‘tkazildi. Seminar-treningda Xovos tumanidagi arxeologik topilma va tarixiy yodgorliklarning ilmiy taqdimoti, turizm va tarixiy tadqiqotlar o‘rtasidagi hamkorlik yo‘nalishlari, arxeologik ob’yektlarni himoya qilish va turizm infratuzilmasiga jalb etish masalalari, Xovos turizm yo‘nalishlarini tarixiy tadqiqotlar bilan boyitish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi. Forum doirasida Sirdaryo viloyati Xovos tumani turistik ob’yektlari va ziyoratgoxlariga universitet yoshlarining sayohatlari uyushtirilishi ham belgilangan.

Shuningdek, mazkur forum O‘zbekiston Milliy universiteti hamda Sirdaryo viloyati Xovos tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ta’lim tizimidagi integratsiyani kuchaytirish, yoshlarning ilmiy-ijodiy tafakkurini, ma’naviy dunyoqarashini yanada yuksaltirish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish hamda turizm salohiyatini jadal rivojlantirish maqsadida tashkil etildi. Bu borada maktablar va universitet o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, turizm va ta’lim sohalarida innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ijodiy va intellektual salohiyatini yuzaga chiqarish nazarda tutilib, formum dasturida doirasida:
- rassomchilik va ijodiy ishlar tanlovi;
- “Xovos — tarix va kelajak uyg‘unligi”, “Yoshlar ko‘zi bilan Xovosga nazar” mavzusida insholar tanlovi;
- “Zakovat” intellektual o‘yini;
- o‘quvchi va talabalar bilan ochiq muloqot;
- seminar-treninglar;
- ma’ruza va mahorat darslari
- kitoblar ko‘rgazmasi va aksiyasi o‘tkazildi.
Bunda o‘quvchi-yoshlar turli sohalarda o‘z bilim va ko‘nikmalarini namoyish etish bilan birga, O‘zbekiston Milliy universiteti professor-o‘qituvchilari va mutaxassislari bilan fikr almashish, ochiq muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Shu bilan birga, turizm yo‘nalishidagi loyihalar, ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan g‘oyalar muhokama qilinib, yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir ishtirokchilari Xovos tumanidagi boy tarixiy meros, madaniy qadriyatlar, tabiiy go‘zalliklar va mehmondo‘stlik an’analari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.