🔴 Avstriyaning Zaltsburg universitetida bo‘lib turgan O‘zMU delegatsiyasi universitetning Z_GIS geoinformatika yo‘nalishidagi o‘quv-ilmiy laboratoriyalar bilan tanishdi.
🔴 iDEAS:lab — Zaltsburg universitetining interfaol o‘quv laboratoriyasi bo‘lib, fan, texnologiya va ta’lim innovatsion usulda ilmiy tadqiqotlar olib borishga yo‘naltirilgan. Bu yerda haqiqiy va virtual dunyolarni bog‘lab, kelajakni shakllantiradigan raqamli yer texnologiyalari hamda sun’iy intellekt va raqamlashtirishning turli imkoniyatlarini ishlab chiqish bilan integratsiya asosida loyihalar yaratiladi.
🔴 Hamkorlik doirasida Erasmus loyihalarni amalga oshirish orqali talabalar, magistrlar va doktorantlarni ilmiy stajirovkalarga yuborish masalalari ijobiy hal qilindi. Zaltsburg universiteti rahbariyati ko‘p yillik hamkorlik uchun xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor Raima Shirinovaga Avstriya Akademik tarmog‘iga a’zolik sertifikatini topshirdi. Mazkur hujjat asosida universitet professor-o‘qituvchilari ko‘p tomonlama hamkorlikni ta’minlovchi platforma orqali ilmiy tadqiqot loyihalarini amalga oshirish imkoniga ega bo‘ladilar.
🔴 Shuningdek, Zaltsburg universiteti O‘zMU bilan hamkorlikda Avstriya Fanlar akademiyasi tomonidan moliyalashtiriladigan tanlovga taqdim etiladigan “Geospatial sharing platform for Central Asia” va “Tien Shan tourism development: statistics, directions and problems” loyihalarini muhokama qilishdi va natijada mazkur loyihalar ekspertlar tomonidan yuqori baholandi hamda moliyalashtirishga tavsiya etildi.
Uchrashuv yakunida ikki universitet o‘rtasida kelgusi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish uchun strategik reja ishlab chiqish va belgilangan muddatda onlayn uchrashuvlar orqali monitoring olib borishga kelishib olindi.




