O‘zbekiston Milliy universiteti Kimyo fakultetida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uzbekistan GTL kompaniyasi bosh direktori Bahadirov Alisher Shukuralievich boshchiligidagi delegatsiya bitiruvchi talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazish maqsadida universitetga tashrif buyurdi
Tadbir “Karera va bandlik” markazi, Kimyo fakulteti hamda Uzbekistan GTL kompaniyasi hamkorligida tashkil etildi. Uchrashuv davomida talabalar kompaniya faoliyati, ishga qabul jarayonlari, amaliyot va stajirovka imkoniyatlari bilan yaqindan tanishishdi.
Uzbekistan GTL — dunyodagi eng zamonaviy gazni suyuq yoqilg‘iga aylantiruvchi korxonalardan biri hisoblanadi. Kompaniya vakillarining ta’kidlashicha, malakali kadrlarga ehtiyoj katta bo‘lib, yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash va ularga tajriba orttirish imkonini berish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Alisher Bahadirov o‘z nutqida talabalarni doimo o‘z ustida ishlash, zamonaviy texnologiyalarni chuqur o‘rganish va maqsad sari intilish muhimligi bilan ilhomlantirdi. Shuningdek, u Uzbekistan GTL kompaniyasida ishlashni istagan bitiruvchilar uchun “ochiq eshiklar” siyosati mavjudligini alohida ta’kidladi.
Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi, kompaniya vakillari esa talabalar bilimidan va qiziqishidan mamnun ekanliklarini bildirishdi.
Ma’lumot o‘rnida, Uzbekistan GTL kompaniyasi Kimyo fakultetining iqtidorli talabalariga mo‘ljallangan stipendiya dasturini ham yo‘lga qo‘ygan.