Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Milliy universiteti rektorining bayram tabrigi

Qadrli hamkasblar!
Hurmatli professor-o‘qituvchilar!
Aziz talaba-yoshlar!

Sizlarni chinakam umumxalq bayrami – O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz uch yillik tantanasi bilan chin qalbimdan tabriklayman. Yurtimiz hamisha tinch-omon, xalqimiz farovon, farzandlarimiz baxtli-saodatli bo‘lsin!

Shu kunlarda milliy mustaqillik bayrami yurtimiz bo‘ylab baland ruh, yuqori kayfiyat bilan nishonlanmoqda. “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” degan bosh g‘oya bugun biz yagona xalq, yagona millat bo‘lib, ko‘zlagan yuksak maqsadlarimiz sari dadil borayotganimizni namoyon etadi.

Aynan mustaqillik tufayli mamlakatimiz jahon hamjamiyati, erkin va ozod xalqlar orasida munosib o‘rin egallab, zamonaviy taraqqiyot sari dadil odimlab bormoqda. Dunyo O‘zbekistonni yangitdan tanimoqda, tan olmoqda. Yer yuzidagi turli davlatlar bilan do‘stona aloqalarimiz tobora kengayib, yurtimizning xalqaro maydondagi mavqei va nufuzi ortib borayotgani ham ayni haqiqat.

Keyingi yillarda mamlakatimizda qator soha va yo‘nalishlar bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, sohani xalqaro miqyosga olib chiqish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalalari muhtaram Prezidentimizning doimiy e’tiboridagi muhim yo‘nalishlardan biriga aylandi.

O‘zbekiston Milliy universitetining dunyo miqyosidagi kuchli 1000 talik OTMlar qatoridan joy olishi, Parijda bo‘lib o‘tgan Yozgi Olimpiya o‘yinlarida O‘zMU Taekvondo va sport faoliyati fakulteti talabalarining yorqin g‘alabalari, iqtidorli yoshlarimizning xalqaro ilm-fan maydonida erishayotgan yutuqlari davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirishda salmoqli qadam bo‘ldi, desak yanglishmaymiz.

Bir asrdan ortiq faoliyati mobaynida nafaqat mamlakatimiz va mintaqamiz, balki jahon miqyosidagi minglab salohiyatli kadrlar, ilm-fanning ilg‘or vakillarini tarbiyalagan, ilm-fan maktablarini yaratgan otaxon dargohning tez orada dunyoning top-500 universitetlar qatoridan joy olishiga ham ishonamiz va bu borada universitet jamoasiga ulkan muvaffaqiyat va zafarlar tilaymiz.

Yangi davr – yangi O‘zbekiston bizdan bilimli, shijoatli, yuksak salohiyatli, keng dunyoqarashli vatanparvar yoshlarni tarbiyalashni talab etadi. Bilimli, ma’rifatli avlodni kamolga yetkazish orqali ajdodlarimizning ruhini shod etgan, buyuk millatimiz oldidagi burchimizga sodiqligimizni namoyon etgan bo‘lamiz. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “biz jahonga faqat xomashyo emas, avvalo ilm-ma’rifat, ma’naviy boylik yetkazib bergan ne-ne ulug‘ zotlarning avlodimiz”.

Jonajon Vatanimiz istiqlolining shonli o‘ttiz uch yillik tantanasi barchamizga yana bir bor muborak bo‘lsin!

Inom Madjidov,
O‘zbekiston Milliy universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor