Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan rektor tabrigi

Assalomu alaykum, muhtarama opa-singillar!
Qadrli olima-ayollar, professor-o‘qituvchilar!
Aziz talaba qizlar!

 

Avvalo, Siz azizlarni 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Inson hayoti va jamiyat rivojida muqaddas Ona zoti, Ayol hilqatining o‘rni beqiyos. Sizlar biz uchun avvalo muqaddas ona, moʻtabar zamin, oila timsoli, bitmas-tuganmas mehr, ezgulik va kuch-g‘ayrat manbaisiz. Sizlarning ta’limdek sharafli sohada olib borayotgan faoliyatingiz sabab minglab farzandlarimiz kamolga yetmoqda, ma’rifat va ziyodan bahramand bo‘lmoqda.

Shu o‘rinda, kuni kecha muhtaram Prezidentimizning Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimda ta’kidlagan fikrlariga to‘xtalib o‘tmoqchiman. Davlatimiz rahbari aytganidek, ayollarning tashvish va mashaqqati ham, zimmasidagi mas’uliyati ham erkaklarga nisbatan ancha yuqori. Uy-ro‘zg‘or ishlari va farzand tarbiyasidan ortib, ta’lim olayotgan, mehnat qilayotgan va tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlar zamonamizning haqiqiy qahramonlaridir.

Xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ular uchun munosib mehnat va turmush sharoitini yaratib berish, qobiliyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalasi mamlakatda davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Bugungi kunda hurmatli ayollarimiz turli soha va tarmoqlarda Vatanimizning jadal taraqqiyoti uchun munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Otaxon universitetimiz misolida oladigan bo‘lsak, ta’lim muassasamizning barcha soha va tarmoqlarida ayollarimizning salmog‘i, o‘rni va ta’siri tobora ortib bormoqda. Raqamlarga e’tibor qaratsak, bugungi kunda universitetimizda asosiy shtatda jami 1118 nafar xotin-qizlar faoliyat yuritmoqda. Shulardan, 581 nafar professor-o‘qituvchi ilmiy va pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanmoqda. 537 nafar ayol xodimlar turli lavozimlarda mehnat qilmoqda, universitetimizda amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlar jarayonida faol ishtirok etib kelmoqda.

Bugungi kunda universitetimizda jami 35 mingga yaqin talabalar tahsil oladi. Quvonarlisi, ularning 19 302 nafari qizlardir. Bundan faxrlanamiz albatta. Negaki, Prezidentimiz urg‘ulaganidek, bitta qizni o‘qitsak, butun oilani o‘qitgan bo‘lamiz. Oila bilimli, ma’rifatli bo‘lsa, butun jamiyat bilimli, ma’rifatli bo‘ladi.

Universitetimiz salohiyati, xalqaro maydondagi nufuzining oshib borishida ham olima ayollarimiz, professor-o‘qituvchilarimiz, xodimalarimizning zahmati, hissasi beqiyos. Fursatdan foydalanib, muhim va stategik soha – ta’lim tizimida mehnat qilayotgan Sizdek mardona xotin-qizlarimizga chuqur ehtirom bilan minnatdorchilik bildiraman.

Yaqinda poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston olima ayollar forumida O‘zbekiston Milliy universitetining bir guruh professor-o‘qituvchilari grant sohibasi sifatida taqdirlandi. E’tirofga sazovor bo‘lgan olima ayollarimizning ilm-fan sohasi rivojiga o‘z hissasini qo‘shayotgani, dunyo miqyosida salmoqli natija va yutuqlarga erishib kelayotgani quvonarli, albatta.

Har qanday jamiyat va davlatning xalqparvar hamda adolatli ekani uning xotin-qizlarga bo‘lgan munosabati va g‘amxo‘rligi bilan belgilanadi. Universitetimizda ham ushbu yo‘nalishda bir qator ijobiy natijalarga erishildi. Xususan, 2024/2025 o‘quv yilida magistraturaga jami 631 nafar talaba qizlar imtiyozli tarzda o‘qishga qabul qilindi. Bazaviy to‘lov-kontrakt asosida universitetga qabul qilingan, ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj, boquvchisiz talaba qizlarning 102 nafariga shartnoma puli to‘lab berildi. Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida berilgan tavsiyanoma asosida 109 nafar talaba-qizlar davlat granti bilan talabalikka tavsiya etildi. Kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlar tavsiyanomasiga ega abituriyentlarning 25 nafari qo‘shimcha to‘lov-kontrakti asosida talabalikka qabul qilindi.

O‘zining xayru saxovati, fayzu tarovati bilan xonadonlarimizga baraka yog‘dirgan, hayotimizga ma’no va mazmun baxsh etgan Siz – munis va moʻtabar opa-singillarimizni e’zozlash, e’tirof etish bizning sharafli vazifamizdir.

Yana bir karra Sizlarni, barcha onaxonlarimiz, opa-singillarimiz, talaba qizlarimizni fayzli va tarovatli bayram bilan chin yurakdan tabriklayman!

Bayramingiz muborak bo‘lsin!

Inom Madjidov,
O‘zbekiston Milliy universiteti rektori, professor