Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Xitoyning Sian xorijiy tillar universiteti delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazildi

Bugun, 4-iyun kuni Xitoy Xalq Respublikasining tilshunoslik, xalqaro munosabatlar va gumanitar fanlarga ixtisoslashgan yetakchi oliy ta’lim muassasasi – Sian xorijiy tillar universiteti vakillari O‘zbekiston Milliy universitetida bo‘ldi.

Universitetning partiya qo‘mitasi raisi Lyu Chjentao boshchiligidagi delegatsiya a’zolarini O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov qabul qildi. Tomonlar o‘rtasida hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etildi.

Mazkur tashrif kuni kecha 1-2-iyun kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilgan Xitoy–O‘zbekiston “Ta’lim, fan va texnologiya sohasida innovatsion hamkorlik” forumi doirasidagi xalqaro muloqotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Uchrashuvda Xitoy tomonidan Iqtisodiyot va moliya instituti direktori Li Tsunpu, San’at instituti direktori Li Tze, Xitoy tili va madaniyati instituti direktori, Markaziy Osiyo instituti vakili Pan Chengguan, Xitoy Tashqi ishlar vazirligining xalqaro hamkorlik va almashinuvlar boshqarmasi boshlig‘i Fan Xua, Rossiya Fanlar akademiyasining rus tili instituti direktori Ven Yuysya ishtirok etishdi.

Uchrashuv avvalida tomonlar ta’lim yo‘nalishlari, ilmiy salohiyat, xalqaro dasturlar va ilmiy-amaliy loyihalar bo‘yicha ma’lumot berishdi. So‘ng chet tillari, gumanitar hamda aniq fanlar yo‘nalishlarida hamkorlik olib borish bo‘yicha fikr almashildi.

Xitoy tomonidan O‘zbekiston Milliy universitetida raqamli texnologiyalar yo‘nalishida “Raqamli markaz” tashkil etish, shuningdek, SXTUning O‘zbekistondagi filialini ochish bo‘yicha aniq tashabbuslar ilgari surildi. Xitoy delegatsiyasi tomonidan Sian xorijiy tillar universitetida o‘zbek tili yo‘nalishini ochish taklifi bildirildi.

O‘zbekiston Milliy universiteti rahbariyati tomonidan ushbu taklif va tashabbuslar o‘zaro madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi. O‘zaro hamkorlik bo‘yicha ishchi guruh tuzish, amaliy dasturni ishlab chiqish va bosqichma-bosqich tatbiq etish yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, ilmiy tadqiqotlar, o‘qituvchi va talabalar almashinuvi kabi yo‘nalishlarda uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida o‘zaro hamfikr ekanliklarini bildirdilar.



O‘zMU Axborot xizmati