“XOVOS – MADANIYATLAR CHORRAHASI” SHIORI OSTIDA XALQARO TALABA-YOSHLAR TURIZM FESTIVALI BO‘LIB O‘TDI

O‘zbekiston Milliy universiteti tashabbusi bilan Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida

“Xovos – madaniyatlar chorrahasi” shiori ostida xalqaro talaba-yoshlar turizm festivali yuqori saviyada tashkil etildi. Festival turli hududlardan tashrif buyurgan yoshlarni bir maydonda jamlab, madaniyatlararo muloqot, do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi. Tadbir davomida Xovosning boy tarixiy merosi va turizm salohiyati keng targ‘ib etildi.

Festival doirasida ishtirokchilar “Ko‘hna Xovos” tepaligiga sayohat qilib, hududning tarixiy va tabiiy boyliklari bilan yaqindan tanishdilar. “Yoshlar va etnoturizm” yo‘nalishida tashkil etilgan dasturlar milliy qadriyatlar, urf-odatlar va an’analarni aks ettirgan holda, yoshlarda o‘zlikni anglash va madaniy merosga hurmat tuyg‘ularini kuchaytirdi.

Tadbirning badiiy qismi ham mazmunan boy bo‘ldi. “Ildizlar” nomli sahna ko‘rinishi orqali inson va tabiat uyg‘unligi, qadimiy hayot tarzi va mehnat an’analari badiiy talqinda namoyish etildi. Shuningdek, Vatan madhiga bag‘ishlangan kuy-qo‘shiqlar, milliy raqslar hamda urf-odatlarni aks ettiruvchi chiqishlar tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.

Festival davomida talaba-yoshlar uchun mazmunli seminarlar va she’riy chiqishlar ham tashkil etilib, yoshlarning bilim va dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qildi. Mazkur festival nafaqat madaniy hordiq, balki tajriba almashish maydoniga aylanib, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda milliy qadriyatlarni asrab-avaylashda muhim ahamiyat kasb etdi.