Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

Yetuk matematiklar va faxriy bitiruvchilar ishtirokida uch avlod uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Bugun, O‘zbekiston Milliy universiteti Amaliy matematika va intellektual texnologiyalar hamda Matematika fakultetlarida sohasining yetuk mutaxassislari va faxriy bitiruvchilar, shuningdek, iqtidorli talabalar ishtirokida uch avlod uchrashuvi o‘tkazildi.

Uch avlod uchrashuvida 1969-1974-yillar davomida ToshDU (hozirgi O‘zMU)ning matematika hamda amaliy matematika va mexanika fakultetlarida tahsil olgan bitiruvchilar qatnashishdi.

Quvonarlisi, bugungi kunda ushbu avlod vakillari orasida bir nafardan akademik, Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekiston Qahramoni, 12 nafar professor, 3 nafar xizmat ko‘rsatgan fan arboblari, 30 nafar fan nomzodlari, 3 nafar O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchilar, 10 nafar davlat mukofotlari sohiblari, 2 nafar institut direktorlari, 5 nafar maktab direktorlari, 5 nafar kafedra mudirlari yetishib chiqqan

Uchrashuvda respublikamizning turli sohalarida muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan olimlar, sohaning yetuk mutaxassislari o‘z xotiralari, fikr-mulohazalari bilan bo‘lishishdi.

Jumladan, O‘z RFA Matematika instituti direktori, akademik, O‘zbekiston Qahramoni Sh.A.Ayupov, texnika fanlari doktori, professor B.Radjabov, “Nuroniy” jamg‘armasi bo‘lim boshlig‘i M.Umarovlar tomonidan universitet salohiyati, olimlarning matematika sohasiga qo‘shgan hissasi, ilmiy faoliyatlari haqida so‘z yuritildi.

Mehmonlardan hayotiy saboqlarni tinglagan iqtidorli talabalar ham uchrashuvda so‘zga chiqib, o‘z minnatdorlik so‘zlarini bayon qilishdi.

Uchrashuv so‘nggida “Nuroniy” jamg‘armasi respublika boshqaruvi raisi, O‘zbekiston Qahramoni Sodiqjon Turdiyev hamda faxriy bitiruvchilarning universitet talabalariga esdalik sovg‘alari va kutubxona fondiga qimmatli kitoblari taqdim etildi.

O'zMU Axborot xizmati