Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Xitoyning Xoxay universiteti bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilmoqda

Bugun, 13-avgust kuni O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov Xitoy Xalq Respublikasining Xoxay universiteti (Hohai University) Prezidenti Chjen Jinxay boshchiligidagi delegatsiya a’zolarini qabul qildi.

Uchrashuv avvalida har ikki universitet faoliyati, yo‘nalishlar hamda yutuqlar haqida ma’lumot berib o‘tildi. Xoxay universiteti Xitoyda gidromuhandislik va suv resurslarini boshqarish sohasidagi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi.
Muzokara jarayonida Xoxay universiteti prezidenti Chjen Jinxay O‘zbekiston Milliy universiteti bilan keng ko‘lamli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish taklifini bildirdi. Jumladan, talabalar almashinuvi, YUNESKOning Hukumatlararo gidrologik dasturi (IHP) doirasidagi hamkorlik, professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlar almashinuvi, malaka oshirish va stajirovka dasturlarini amalga oshirish kabi yo‘nalishlar muhokama qilindi.


Rektor Inom Madjidov Xoxay universiteti rahbarining takliflarini qo‘llab-quvvatlab, uning gidroenergetika, suv inshootlari va suv bilan bog‘liq yo‘nalishlardagi ilg‘or tajribasi asosida amaliy hamkorliklar yo‘lga qo‘yish mumkinligini ta’kidladi.


Shuningdek, har ikki tomon manfaatlariga xizmat qiladigan magistratura va PhD dasturlari doirasida talabalar almashinuvini tashkil etish hamda Xoxay universiteti talabalarining O‘zMU faoliyatiga qiziqishini oshirish imkoniyatlari mavjudligi qayd etildi.
Janob Chjen Jinxay mezbon universitet vakillarini oktyabr oyida o‘tkaziladigan Xoxay universitetining 110 yillik tantanasiga taklif etdi.


Tashrif doirasida ikki tomon o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Shundan so‘ng tomonlar bir-birlariga milliy va universitet ramzlarini ifodalovchi esdalik sovg‘alarini taqdim etishdi.

O‘zMU Axborot xizmati