Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida siyosiy fanlar doktori, professor Alisher G‘afforovich Muminovning “Yangi O‘zbekistonning ma’naviy-madaniy sohadagi milliy siyosati” nomli monografiyasi taqdimotiga bag‘ishlangan ilmiy-jamoatchilik tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston faylasuflari milliy jamiyati hamda Barqaror rivojlanish markazi hamkorligida tashkil etildi.

Unda yetakchi siyosatshunoslar, faylasuflar, huquqshunoslar, tarixchilar, davlat boshqaruvi va millatlararo munosabatlar sohasida faoliyat yuritayotgan ekspertlar, yosh tadqiqotchilar, shuningdek, milliy madaniy markazlar vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Yangi O‘zbekistonda ma’naviy-madaniy sohada amalga oshirilayotgan milliy siyosatning nazariy-metodologik asoslari, uning amaliy ahamiyati hamda jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni yuzasidan fikr almashildi.
Muhokamalarda 2023-yildagi konstitutsiyaviy islohotlar orqali huquqiy jihatdan mustahkamlangan inson qadri, adolat va ijtimoiy mas’uliyat tamoyillariga asoslangan yangi gumanistik paradigma masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu nuqtayi nazardan, davlat va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlik, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, munosib hayot uchun barqaror ijtimoiy-huquqiy sharoit yaratish milliy siyosatning muhim yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.

Taqdimot davomida so‘nggi o‘n yillikda O‘zbekistonda milliy siyosatning transformatsiyasi, millatlararo totuvlikni mustahkamlash, Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari va barqarorlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.

Monografiyada, xususan, 150 dan ortiq milliy madaniy markazlarni qamrab olgan “totuvlik ekotizimi”ning faoliyat mexanizmlari atroflicha tadqiq etilgani ta’kidlandi. Shuningdek, O‘zbekistonda millatlararo munosabatlar sohasidagi siyosat zamon talablari asosida takomillashib borayotgani qayd etildi.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan 130 dan ortiq etnik guruh vakillarining jamiyat hayotidagi faol ishtiroki, bag‘rikenglikni rivojlantirish va “xalq diplomatiyasi” tamoyillarining ahamiyati ham alohida ta’kidlandi.

Monografiyaning muhim yo‘nalishlaridan biri — “Uchinchi Renessans arxitekturasi” konsepsiyasining ilmiy tahlilidir. Unda tarixiy xotira va ajdodlar ma’naviy merosi, jumladan, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiy kabi buyuk siymolar merosi nafaqat tarixiy yodgorlik, balki faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishning muhim ma’naviy omili sifatida talqin etilgani qayd etildi.

Shuningdek, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan milliy siyosatning BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan hamohangligi, xususan, jamiyatda barqarorlikni ta’minlash, teng imkoniyatlar yaratish, tinchliksevar va ochiq jamiyatni rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish hamda madaniy o‘ziga xoslikni asrash masalalariga qaratilayotgani ta’kidlandi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar globallashuv sharoitida ma’muriy boshqaruvdan ijtimoiy sheriklikka o‘tishga asoslangan yangi ilmiy yondashuvning ahamiyatini qayd etdilar. Mazkur yondashuv milliy o‘zlik va umuminsoniy qadriyatlarni qarama-qarshi emas, balki bir-birini to‘ldiruvchi omillar sifatida ko‘rish imkonini berishi, shu orqali jamiyatda barqaror madaniy immunitetni shakllantirishga xizmat qilishi bildirildi.

Muhokamalarda yoshlar siyosati mazkur jarayonlarning muhim harakatlantiruvchi kuchi ekani ham qayd etildi. Yosh avlodni dunyoga ochiqlik, qo‘shni xalqlarning madaniy merosiga hurmat va milliy-ma’naviy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash milliy siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rsatildi.

Tadbir ishtirokchilarining fikricha, “Yangi O‘zbekistonning ma’naviy-madaniy sohadagi milliy siyosati” monografiyasi millatlararo munosabatlar masalalarini tadqiq etayotgan olim va mutaxassislar bilan bir qatorda, davlat xizmatchilari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, milliy madaniy markazlar faollari, pedagoglar hamda yosh tadqiqotchilar uchun ham muhim ilmiy manba bo‘lib xizmat qiladi.

Taqdimot yakunida monografiya O‘zbekistonda ma’naviy-madaniy siyosatning ilmiy asoslarini chuqur anglash, millatlararo totuvlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlash, shuningdek, Markaziy Osiyoda gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim ilmiy tadqiqot sifatida e’tirof etildi.