O‘zbekiston Milliy universiteti Kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi

Bugun, 2026-yil 28-avgust kuni O‘zbekiston Milliy universitetida yangi 2026/2027-o‘quv yili oldidan oliy ta’lim muassasasi hayotidagi eng muhim tashkiliy, ilmiy va ma’naviy masalalarga bag‘ishlangan Kengashning navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi. Vatanimiz Mustaqilligining 35 yillik bayrami arafasida bo‘lib o‘tgan ushbu nufuzli tadbirda bayram munosabati bilan taqdirlangan faol xodimlar munosib tabriklandi hamda yangi o‘quv yilida amalga oshiriladigan dolzarb vazifalar belgilab olindi. Majlis davomida yangi o‘quv yilining ilk kunida “Mustaqillik darslari”ni yuqori saviyada tashkil etish hamda talabalarni munosib kutib olish choralari atroflicha muhokama qilindi.

Yig‘ilishda talabalar manfaatlarini himoya qilish, ayniqsa, ehtiyojmand yoshlarni talabalar turar joylariga tizimli joylashtirish hamda II va III kurs talabalari o‘rtasida davlat grantlarini qayta taqsimlash kabi ijtimoiy adolat tamoyillariga xizmat qiladigan masalalar kun tartibidan alohida o‘rin oldi. Shuningdek, talabalar hayotini tartibga soluvchi nizomlarga, universitetning odob-axloq hamda ichki tartib qoidalariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida, universitetning xalqaro QS World University Rankings reytingidagi natijalari chuqur tahlil qilinib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha uzoq muddatli ustuvor vazifalar belgilandi. Innovatsion rivojlanish va zamon talablaridan kelib chiqqan holda, universitet tarkibida yangi “Karyera markazi” hamda “Sun’iy intellekt” ilmiy-amaliy markazi tashkil etildi. Shu bilan birga, ta’lim jarayonlarini raqamlashtirish maqsadida Axborot-resurs markazi tuzilmasini raqamli transformatsiya qilish, yangi ochilgan bakalavriat va magistratura yo‘nalishlari o‘quv rejalarini tasdiqlash hamda Umumiy va noorganik kimyo kafedrasi filialini ochish bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilindi.

Kengash a’zolari o‘tgan o‘quv yilining ikkinchi yarim yillik yakuniy nazorat natijalari hamda bitiruvchilarning davlat attestatsiyasi yakunlarini ham atroflicha sarhisob qildilar. Universitetning ilmiy salohiyatini yanada oshirish maqsadida ilmiy faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchilarga “Professor tadqiqotchi” va “Dotsent tadqiqotchi” maqomini berish tartibi tasdiqlandi. Iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirish doirasida esa S.H.Sirojiddinov nomidagi akademik litsey o‘quvchilari uchun “Rektor stipendiyasi” tayinlanishi ma’qullandi.