O‘zMUda atoqli kimyogar olimlar xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Kimyo fakulteti tomonidan akademiklar Nusrat Parpiyev, Abduali Gʻaniyev va professor Hasan Sharipovning yorqin xotirasiga bag‘ishlangan “Kompleks birikmalar kimyosi, nodir va siyrak metallar kimyosi, analitikasi va texnologiyalari: dolzarb muammolar va istiqbollar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Konferensiyani universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Yoqub Ergashov ochib berdi. Unda atoqli olimlarning ilmiy faoliyati va kimyo fani rivojiga qo‘shgan hissasi haqida ma’lumot berildi. Jumladan, Shahnoza Qodirova ustoz olimlarning hayoti va ilmiy merosiga bag‘ishlangan ma’ruza bilan ishtirok etdi.
Xalqaro konferensiyada O‘zbekiston, Ozarbayjon, Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston, Hindiston va Ispaniyadan 150 nafardan ortiq olim, tadqiqotchi va soha mutaxassislari qatnashdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademiklari, ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlari hamda oliy ta’lim muassasalari professorlari ishtirok etib, kimyo fanining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, texnika fanlari doktori, professor Soyibjon Negmatov, kimyo fanlari doktori, professor G‘affor Rahmonberdiyev, akademik, texnika fanlari doktori, professor Shafaat Namozov, O‘simlik moddalari kimyosi instituti direktori Nosir Abdullayev, Bioorganik kimyo instituti direktori Sharofiddin Mirzaahmedov, professor Baxtiyor Zokirov hamda Termiz davlat universiteti professori, texnika fanlari doktori Hayit To‘rayev so‘zga chiqdi.
Tadbir davomida marhum olimlarning oila a’zolari ham ishtirok etib, ularning ilmiy merosi, insoniy fazilatlari va ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasi yodga olindi.
Konferensiyaning yalpi majlisida kompleks birikmalar kimyosi, nodir va siyrak metallar kimyosi, ularning analitikasi hamda texnologiyalariga oid ma’ruzalar tinglandi. Muhokamalar davomida sohadagi dolzarb ilmiy muammolar, yangi tadqiqot yo‘nalishlari va istiqboldagi vazifalar yuzasidan fikr almashildi.