Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida voha iqtisodiyotini yuksaltirish, kambagʻallikni qisqartirish hamda yoshlar bandligini taʼminlash boʻyicha belgilab berilgan vazifalar va «Bilimga ragʻbat, mehnatga imkoniyat, tashabbusga madad» shiori ijrosini taʼminlash maqsadida amaliy ishlar olib borilmoqda. Shu munosabat bilan, Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha Aql markazi sifatida biriktirilgan Oʻzbekiston Milliy universiteti Ishchi guruhi aʼzolari tomonidan 23-oktabr kuni Qamashi tumanida davlat va xususiy taʼlim muassasalari qamrovida maqsadli oʻrganishlar hamda amaliy tadbirlar oʻtkazildi.

Tashrif doirasida Qamashi tumanidagi 6-sonli kasb-hunar maktabida Oʻzbekiston Milliy universiteti (OʻzMU) kafedra filialini tashkil etish boʻyicha ishlar jadallashtirildi. Bino va inshootlarning texnik holati oʻrganilib, zamonaviy laboratoriyalar hamda axborot-resurs markazini jihozlash rejasi shakllantirildi, oʻquv dasturlarini mahalliy drayverlarga moslashtirish ishlari koʻrib chiqildi. Belgilangan rejalarga koʻra, 2026-yilning noyabr-dekabr oylarida OʻzMU filialini ochishning yakuniy bosqichlari toʻliq poyoniga yetkaziladi.
Chekka hududlardagi qishloq yoshlarini oliy taʼlimga qamrab olish darajasini oshirish uchun muassasa bazasida fundamental va tabiiy fanlar boʻyicha bepul hamda imtiyozli tayyorlov kurslari yoʻlga qoʻyilmoqda. Shuningdek, OʻzMUning ilmiy salohiyatini jalb etgan holda talaba va oʻquvchilarga amaliy darslar oʻtildi. Boʻlajak mutaxassislar uchun texnikum bazasida Innovatsion startap va kasb markazlari, IT va xorijiy tillar markazi tashkil etilib, oʻquvchilarda «Taʼlim jarayonida daromad topish» koʻnikmalarini shakllantirish rejalashtirilgan.

Ijtimoiy himoyadagi oilalar farzandlarini kasb-hunarga oʻrgatish va oila boqishga tayyorlash maqsadida Oʻzbekiston Milliy universiteti hamda Qarshi davlat universiteti hamkorligida Chim qishlogʻidagi 6-son tеxnikum bazasida masofaviy oʻqitish uchun elektron doska, kompyuter va internet bilan taʼminlangan xona tashkil etildi. Ushbu maskanda sunʼiy intellekt (AI), kompyuter idora dasturlari, texnik xizmat koʻrsatish, grafik dizayn, marketplace va elektron tijorat, raqamli marketing (SMM) hamda buxgalteriya boʻyicha zamonaviy amaliy kasb kurslari yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, tеxnikum oʻqituvchilariga sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish oʻrgatilib, muassasa zarur darslik hamda oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar bilan taʼminlanmoqda.

Oliy taʼlim va nodavlat taʼlim sektori hamkorligini kengaytirish maqsadida tumandagi «Abdunabi» xususiy maktabi bilan strategik hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Uning doirasida universitetimizni tamomlagan qashqadaryolik yosh mutaxassislar hisobidan mahalliy kadrlar bazasi shakllantirilib, ularning bandligi taʼminlandi. Mazkur maktabda dasturlash, internet-marketing, xorijiy tillar va OTMga tayyorlov kurslari tashkil etildi. OʻzMU professor-oʻqituvchilari tomonidan xususiy maktab pedagoglari uchun mahorat darslari oʻtkazilib, muassasaga metodik, uslubiy va ilmiy-ommabop adabiyotlar taqdim etildi hamda iqtidorli bitiruvchi talabalar ushbu maktabga amaliyot oʻtash uchun yoʻnaltirildi.

Kelgusida «Abdunabi» xususiy maktabi negizida doimiy faoliyat yurituvchi «Mahorat maktablari» tizimini joriy etish hamda oʻquvchilarni startap loyihalarga sherik sifatida jalb qilish koʻzda tutilgan. Iqdidorli yoshlarni erta aniqlash va ularni OʻzMU filialiga maqsadli yoʻnaltirish uchun tumandagi maktablarning yuqori sinf oʻquvchilari oʻrtasida fan olimpiadalari va intellektual koʻriklar oʻtkaziladi.

Amalga oshirilayotgan ushbu kompleks chora-tadbirlar davlat va xususiy sektor sherikligini mustahkamlab, taʼlim sifatini oshirishga, yoshlarni zamonaviy kasblarga oʻrgatishga qaratilgan.