Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

O‘zMU rektori universitetga biriktirilgan turizm hududlari – Forish, Zomin, Arnasoy hamda Xovos tumanlarida bo‘ldi

Joriy yilning 15-16-fevral kunlari O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov hamda tegishli soha prorektorlari, bir guruh mas’ullar turizm sohasini rivojlantirish masalalari bo’yicha Jizzax viloyatining Forish, Arnasoy va Zomin, Sirdaryo viloyatining Xovos tumanlariga tashrif buyurishdi.

Mazkur tumanlar mutasaddilari bilan turizmni rivojlantirish masalalari, istiqbolli rejalar xususida fikr almashildi. Shuningdek, universitetga biriktirilgan ushbu turizm hududlaridagi umumta’lim maktablariga ham tashrif buyurilib, o‘qituvchilar va bitiruvchi o‘quvchilar bilan uchrashuvlar, davra suhbatlari tashkil etildi.

Maktab bitiruvchilari o‘rtasida aniq va tabiiy fanlarga qiziqishi bor iqtidorli yoshlarni aniqlash, saralash, ularning fan olimpiadalarida ishtirok etishlari uchun O‘zbekiston Milliy universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan uslubiy yordam ko‘rsatish masalasida kelishib olindi.

Ushbu hamkorlikdan ko‘zlangan maqsad chekka hududlardagi iqtidorli yoshlarni aniqlash, ular bilan maqsadli ishlash, olimpiadalarda g‘olib bo‘lgan o‘quvchilarni oliy ta’lim muassasalariga, jumladan, O‘zbekiston Milliy universitetiga imtiyozli qabul qilinishiga imkoniyat yaratishdan iborat.