Joriy yilning 20-21-iyun kunlari Jizzax viloyati Forish tumanida O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan “Forishga sayohat qil!” shiori ostida turizm forumi tashkil etildi.
Mazkur forum doirasida bir qator tadbirlar, jumladan, Forish tumanidagi turizm obektlari xodimlari uchun “Etnografik turizm” bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kursi, «Forish-Nurota-Mojrum turistik obyektlarida mehmonxona servisi va gastroturizmning dolzarb masalalari» mavzusida seminar-trening o‘tkazildi.
Tadbirlarda O‘zbekiston Milliy universiteti rahbariyati, viloyat turizm boshqarmasi, tuman hokimligi mutasaddilari, Forish tumanidagi uy mexmonxonalari hamda ovqatlanish shahobchalari vakillari ishtirok etishdi.
Seminar-treningda O‘zMU prorektorlari Ravshan Musurmonov, Shuhrat Toshmatov, Jabbor Muhammadiyev, Yoqub Ergashov, Vali Yodgorov, Forish tumani hokimi o‘rinbosari E.Ummatova, tarix fanlari doktori, professor Akbar Bobobekov, “Uxum”, “Mojrum”, “Do‘stlik” mahallalari mas’ullari so‘zga chiqib, Forish tumanining turizm imkoniyatlari haqida o‘z fikr-mulohazalari, taklif va tavsiyalari bilan o‘rtoqlashishdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar “Mojrum” va “Uxum” qishloqlaridagi ekoturizm ixlosmandlariga xizmat ko‘rsatuvchi mehmon uylari faoliyati bilan tanishishdi.
Shuningdek, Forish tuman 30-son madaniyat markazi qoshida tashkil etilgan “Bog‘don” folklor etnografik xalq ansambli ijodkorlari tomonidan ijro qilingan Forish tumani tarixi, urf-odat va an’analarini aks ettiruvchi kuy-qo‘shiqlar, laparlar, aytishuvlar, xalq og‘zaki ijodi namunalari yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

O‘zMU Axborot xizmati