Raima Shirinova 1971-yil 21-dekabr kuni Buxoro viloyatida tug‘ilgan.
1988–1993-yillarda Toshkent davlat universitetida tahsil olib, “Filologiya va tillarni o‘qitish: fransuz tili” yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr va magistr darajalarini qo‘lga kiritgan.
2002-yilda “Diniy realiyalarni tarjima qilishning o‘ziga xos xususiyatlari” mavzusidagi falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini, 2017-yilda esa “Olam milliy manzarasining badiiy tarjimada qayta yaratilishi” mavzusida doktorlik (DSc) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. Fan doktori, professor, Turon akademiyasining akademigi (2019 yil).
2005–2009-yillarda O‘zbekiston Milliy universitetida “Yurisprudensiya” yo‘nalishi bo‘yicha ikkinchi mutaxassislikni muvaffaqiyatli tamomlagan.
2017–2019-yillarda O‘zbekiston–Fransiya Do‘stlik Jamiyatida ijrochi direktor (jamoat asosida) sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
2019-yildan buyon O‘zbekiston Milliy universitetida xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor lavozimida ishlab kelmoqda. Shu bilan birga, 2020-yildan OWSD (Women in Science for the Developing World) tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha rais o‘rinbosari hamda O‘zbekiston xotin-qizlar “Olima” uyushmasi rais o‘rinbosari sifatida faoliyat olib bormoqda.
Raima Shirinovaning ilmiy tadqiqotlari asosan tarjima nazariyasi va amaliyoti, mamlakatshunoslik, lingvomadaniyatshunoslik, leksikografiya, frazeografiya, parallel korpus va ta’lim sohalariga yo‘naltirilgan. Ushbu yo‘nalishlarda “Web of Science” va Scopus bazasida indekslangan nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda maqolalari chop etilgan.
2017–2023-yillar mobaynida malaka oshirish va ilmiy tajriba almashish maqsadida Fransiya (University of Tours, University of Poitiers, Sorbonne University), Ispaniya (University of Seville, Universidad de Granada), Germaniya (Hanover University, Freie Universität Berlin), Italiya (Milano-Bicocca University) kabi nufuzli xorijiy universitetlarda stajirovka o‘tgan.
Xalqaro tajribasi va yutuqlari
– Universitet prorektori sifatida O‘zbekiston Milliy universitetining QS, THE va WURI kabi xalqaro reytinglarda munosib o‘rin egallashini ta’minlashga hissa qo‘shib kelmoqda.
Jumladan universitet O‘zbekiston OTMlari ichida birinchilardan bo‘lib QS va THE xalqaro agentliklari tomonidan har yili yangilanib boriladigan reytinglarda eng yaxshi top 1000 universitetlari orasida joy egallab kelmoqda.
– Universitetda tashkil etiladigan hamda xorijiy davlatlar Fransiya, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Belgiya, Xitoy, Finlyandiya, Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari yoshlari ishtirok etadigan “Xalqaro yozgi maktab” tashabbuskori.
– Fransiya, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Portugaliya va Xorvatiyaning nufuzli universitetlari bilan Erasmus+ grantlari doirasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Milliy va xalqaro e’tiroflar
Faoliyati davomida Raima Shirinova bir qator yuksak mukofotlar bilan taqdirlangan, jumladan:
“O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligi” esdalik nishoni (2016),
“O‘zbekiston Konstitutsiyasining 25 yilligi” esdalik nishoni (2017),
Fransiyaning “Ordre des Palmes Académiques” ordeni (2019),
“Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni (2023).