Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

OLIY VА OʼRTА MАXSUS TАЪLIM VАZIRI OʼZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI JАMOАSIGА TАBRIK YOʼLLАDI!

Bugun Oʼzbekiston Milliy universitetida 2020 yil yakunlari, 2021 yil istiqbol rejalariga bagʼishlangan yigʼilish boʼlib oʼtdi. Unda Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi boshqarma boshligʼi Otabek Bozorov ham ishtirok etib, universitet jamoasiga Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vaziri Inomjon Majidovning yoʼllagan tabrigini oʼqib eshittirdi.

Tabrik matnida jumladan shunday deyiladi: “Biz bugungi shiddatli va murakkab zamonda, qanday ogʼir boʼlmasin, Uchinchi Renessans poydevori bulgan yosh avlodga bilim va fazilat oʼrgatishda shaxdam qadamlar tashlayapmiz. Bunday islohotlar ilm-fan, taʼlim-tarbiya, ilmiy-texnik taraqqiyot sohasida yaqqol namoyon boʼlmoqda. Buni nafaqat xalqimiz, balki xalqaro hamjamiyat ham alohida eʼtirof etmoqda.

Muhtaram Prezidentimiz haqli ravishda taʼkidlaganlaridek, "Xalqimizning ulugʼvor qudrati joʼsh urgan hozirgi zamonda Oʼzbekistonda yangi bir uygʼonish - Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda, desak, ayni xaqiqat boʼladi".

Jonajon Oʼzbekistonimizning jahonda tutgan oʼrni va nufuzi, imidji va obroʼsini ortib borishida barcha sohalar qatori oliy taʼlim tizimi ham oʼz hissasini qoʼshib kelmokda. Yaqinda Quaquarelli Symonds xalqaro reyting agentligining Rivojlanayotgan Yevropa va Markaziy Osiyo universitetlarining 2021 yil uchun eng yaxshi universitetlar reytingida Oʼzbekistonning toʼrtta oliy taʼlim muassasasi joy olganini mamlakatimiz oliy taʼlim tizimining xalqaro eʼtirofi deb bilamiz.

Аna shunday nufuzli oliy taʼlim muassasalari orasida Mirzo Ulugʼbek nomidagi Oʼzbekiston Milliy universitetini koʼrish hammamiz uchun ham quvonarli hol. Universitet QS agentligining bu yilgi reytingida birinchi marta kuchli 500 talik tarkibida eʼtirof etilmokda.

Buning barchasi universitet rahbariyati boshchiligidagi fidoyi, jonkuyar taraqqiyparvar professor-oʼqituvchilar va butun universitet jamoasining tinimsiz va mashaqqatli mehnati samarasidir.

Oʼylaymanki, bugungi yutuqlar universitetning keyingi yillardagi xalqaro reytinglarda yanada yuqori oʼrinlar egallashiga yuksak zamin yaratadi!

Hurmatli Аvaz Rahimovich!

Universitetning jonkuyar va fidoyi jamoasi!

Sizlarning Vatanimiz ravnaqi va taraqqiyoti, uning xalqaro miqyosdagi obroʼ-eʼtibori yoʼlida qoʼshayotgan yuksak hissangiz uchun, raqobatbardosh yosh avlodni voyaga yetkazish, hayotga yoʼllanma berish, ilm-fanni taraqqiy ettirish yulidagi beqiyos xizmatingiz, begʼaraz va fidokorona mehnatingiz uchun vazirlik jamoasi nomidan cheksiz minnatdorchilik bildiraman!

Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxtu saodat va kelgusi ishlaringizga yangi omadlar tilaymiz. Doimo sogʼ va omon boʼling”.

OʼzMU Аxborot xizmati