O‘zbekiston Milliy universitetida “O‘zbekiston bioxilma-xilligini muhofaza qilishning dolzarb muammolari va ularning yechimlari” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazidi. Unda respublikaning yetuk olimlari, professor-o‘qituvchilari va yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Konferensiyada O‘zbekistonda mavjud bo‘lgan bioxilma-xillikni saqlash, hayvonot va o‘simlik dunyosining ekologik holati, ularni muhofaza qilishning zamonaviy usullari, shuningdek, turli biologik turlarni tadqiq etish bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy ishlanmalar muhokama qilinadi. Ikki sho‘bada: umurtqali va umurtqasiz hayvonlar yo‘nalishlarida ilmiy ma’ruzalar o’qildi.
Ilmiy chiqishlarda qushlar, baliqlar, sudralib yuruvchilar, hasharotlar, nematodalar, kapalaklar, mollyuskalar kabi turli hayvon turlari, ularning ekologik va morfologik xususiyatlari, tarqalish areallari va inson faoliyatiga ta’siri chuqur tahlil qilindi.
Tadqiqotlarning ayrimlari ekologik muvozanatni saqlash hamda qishloq xo‘jaligidagi biozararkunandalarga qarshi kurashishda muhim amaliy ahamiyat kasb etadi.
Mazkur konferensiya nafaqat ilmiy almashinuv maydonchasi, balki yosh olimlar uchun o‘z izlanishlarini namoyish etish, soha mutaxassislari bilan tajriba almashish va yangi g‘oyalarni ilgari surish imkonini beradi. Bioxilma-xillikni saqlash borasidagi bunday tashabbuslar O‘zbekistonning ekologik barqarorligi va tabiiy boyliklarini kelajak avlodlarga sog‘lom holatda yetkazish yo‘lida muhim qadam hisoblanadi.
O’zMU Axborot xizmati