Bugun, 19-iyun kuni ta’lim tizimidagi nufuzli tahliliy agentlik QS World University Rankings 2026 yil uchun dunyoning eng yaxshi universitetlari reytingini e’lon qildi. Mazkur reyting dunyo oliygohlarini akademik obro‘, ish beruvchilar obro‘si, iqtiboslik, ilmiy hamkorlik, xorijiy talabalar va professorlar soni, barqarorlik va talabalarning o‘qituvchilar soniga nisbati kabi ko‘rsatkichlar bo‘yicha baholaydi.
Unga ko‘ra, O‘zMU dunyo miqyosida 721-730 o‘rinlar qatoridan joy olib, avvalgi yilga nisbatan 50 pog‘ona (781-790) yuqorilagan. Bu natija global raqobatning keskin kuchayganiga qaramay, universitetning barqaror rivojlanayotganligini namoyon etadi.
Shuningdek, kuni kecha, 18-iyun kuni Times Higher Education Impact Rankings reytingi natijalari e’lon qilindi. O‘zbekiston Milliy universiteti 6 ta barqaror rivojlanish maqsadi bo‘yicha dunyoning eng yaxshi universitetlari orasida 201–300 o‘rinlarni qayd etdi.
Eng e’tiborlisi, O‘zMU bu yilgi natijalar bilan Times Higher Education Impact Rankings reytingida o‘tgan yilga nisbatan (601-800 o‘rin) 400-500 pog‘onaga yuqorilab, ulkan yutuqqa erishdi.
Bugun, O‘zbekiston Milliy universitetining mamlakatimiz oliy ta’lim tizimi tarixidagi natijalarni qayd etib, jahoning nufuzli QS va THE reytinglarida yuqori pog‘onalarni egallagani munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi.
Unda nufuzli mehmonlar, fan va jamoat arboblari, turli vazirlik va idoralar mas’ullari, universitet jamoasi, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Tabdirni O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov qutlov so‘zi bilan ochib berdi, jamoani yangi natijalar bilan tabrikladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo, O‘zFA akademigi, taniqli matematik Shavkat Alimov, Gavayi universiteti professori Dilmurod Azimov va boshqalar so‘zga chiqib, qutlovlarini yetkazishdi.






O‘zMU bu yilgi reytingda bir nechta muhim indikatorlarda ijobiy natijalarni qayd etdi: Xalqaro professor-o‘qituvchilar soni (International faculty ratio) ko‘rsatgichida 200-o‘rin. Ish beruvchilar orasidagi obro‘ (Employer reputation): bu yo‘nalishda universitet 185 pog‘onaga ko‘tarilib, 355-o‘rinni egalladi. Bu natija O‘zMU bitiruvchilariga bo‘lgan talab va ishonch ortib borayotganini ko‘rsatadi. Akademik obro‘ (Academic reputation) ko‘rsatgichida O‘zMU 412-o‘rinni egalladi. Bandlik ko‘rsatkichlari (Employment outcomes): universitet ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha 14 o‘ringa yuqorilab, 545-o‘rinni qayd etdi.
O‘zbekiston Milliy universiteti keyingi yillarda xalqaro reytingda TOP 500 universitetlar qatoridan o‘rin olish uchun o‘z strategiyasini belgilab olib, ildam qadam tashlamoqda.
O‘zMU Axborot xizmati
