Bugun, 1-iyul kuni O‘zbekiston Milliy universitetida navbatdagi universitet Kengashi majlisi bo‘lib o‘tdi va unda turli yo‘nalishlarga taalluqli qator muhim masalalar ko‘rib chiqildi.
Dastlab, Kengash raisi, rektor Inom Madjidov universitetning kuchli 1000 talik oliy ta’lim muassasalari qatoridan joy olib, dunyo miqyosidagi o‘rnini yuqori pog‘onaga olib chiqqani bilan barchani tabrikladi. “QS World University Rankings–2026” natijalari tahlil qilindi. Kelgusida qilinadigan ishlar belgilab olindi.
2024/2025 o‘quv yilida universitet o‘quv-uslubiy kengashining faoliyati va kengash ishining samaradorligini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Universitet kafedralarining 2024/2025 o‘quv yilidagi faoliyati yakunlari bo‘yicha axborot tinglandi, ularning ta’lim sifati va ilmiy faoliyatini oshirish yuzasidan takliflar bildirildi.




Shuningdek, o‘zlashtirmagan talabalarni qayta o‘qishga jalb qilish, o‘qishni ko‘chirish jarayonlarini samarali tashkil etish, professor-o‘qituvchilar tomonidan tayyorlangan o‘quv adabiyotlariga nashr guvohnomasini berish tartibi kabi masalalar ko‘tarildi.
Ilmiy unvon va lavozimlarga tavsiya qilish masalasi ko‘rib chiqildi. Mazkur kengashda professor unvoniga 4 nafar, dotsent unvoniga esa 6 nafar nomzod tavsiya etildi.
Kengash yakunida barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
O‘zMU Axborot xizmati