⏺ Bugun, 11-iyun kuni, Milliy tadqiqot universiteti “Oliy iqtisodiyot maktabi” taklifi bilan O‘zbekiston Milliy universiteti va mazkur tadqiqot universiteti vakillari ishtirokida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
⏺ Onlayn uchrashuvda Milliy tadqiqot universiteti “Oliy iqtisodiyot maktabi”dan Marina Batalina, Voytov Semyon va Sofiya Rashitova, O‘zbekiston Milliy universitetidan esa Raima Shirinova, Nodir Narziev, Jasur Karimov, Komiljon Inakov hamda Vohid Topildievlar ishtirok etdilar.
⏺ Ma’lumki, Tadqiqot universiteti “Oliy iqtisodiyot maktabi”ning rektori Nikita Anisimov boshchiligidagi delegatsiya aprel oyida O‘zbekiston Milliy universitetiga tashrif buyurgan edi. Bugungi uchrashuvda ikki universitet o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida qo‘sh diplom dasturini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muhokamalar olib borildi. Jumladan, yurisprudensiya yo‘nalishida magistratura bosqichini tashkil etish, o‘quv dastur va rejalar xususida fikr almashildi.
⏺ Shuningdek, yaqin kunlarda talabalar almashinuvi bo‘yicha shartnoma imzolanishi yuzasidan kelishuvga erishildi. Uchrashuv yakunida ikki universitet rahbariyati o‘quv rejalari va me’yoriy hujjatlar bilan tanishib chiqqanidan so‘ng, keyingi bosqichlarda aniq takliflar bilan ishtirok etishga kelishib oldilar.


