Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Istiqbolli loyihalar muhokamasi

Bugungi kunda Oʼzbekiston Milliy universitetida xorijning nufuzli universitetlari bilan hamkorlikda 12 ta yoʼnalish boʼyicha qoʼshma taʼlim dasturi yoʼlga qoʼyilgan. 2018-2019 oʼquv yilida TOP UNIVERSITET tasnifiga koʼra nufuzli 300 ta oliy oʼquv yurtlaridan biri hisoblangan Qozon Federal Universiteti (KFU) va Oʼzbekiston Milliy Universiteti (OʼzMU) hamkorligidagi “Geodeziya va geoinformatika” hamda “Psixologiya” (faoliyat turlari buyicha) yoʼnalishlarida qoʼshma taʼlim dasturi yoʼlga qoʼyilgan edi. Bugungi kunda mazkur yoʼnalishda 207 nafar talaba tahsil olmoqda.

Kuni kecha mazkur universitetning boshqaruv ishlari boʼyicha direktori Bagautdinova Nailya, direktor oʼrinbosari Polyakova Oksana hamda Oʼzbekistondagi Tatariston Respublikasi vakili Аydar Аxtareevlar universitetga tashrif buyurdi. Mehmonlarni universitet rektori Inomjon Madjidov, xalqaro aloqalar boʼyicha prorektor Raima Shirinova hamda Oʼzbek-Qozon qoʼshma taʼlim dasturi boʼyicha masʼul Shavkat Sharipovlar kutib oldilar. Uchrashuvda tomonlar asosan hamkorlikni istiqbolli yoʼnalishlarda yanada kengaytirish, talab yuqori boʼlgan yoʼnalishlar va mutaxassisliklar tashkil qilish, xalqaro ilmiy loyihalarda hamkorlikni yoʼlga qoʼyish masalalarida fikr almashdilar.

Аyniqsa, universitet rektori bugungi kunda respublikamizda istiqbolli yoʼnalishlarda yuqori malakali kadrlar tayyorlash muhim va zarur ekanligini inobatga olib finoanalitika, ishlab chiqarish iqtisodiyoti (tarmoqlararo) hamda iqtisodiyotning yangi mutaxassisliklari doirasida hamkorlikni kengaytirish lozimligini taʼkidlab oʼtdi. Shuningdek, uchrashuvda kafedralar kesimida mutaxassislarni virtual uchrashuvini tashkil qilish va bu orqali olimlarning oʼz sohalari doirasida hamkorlikni rivojlantirish, akademik almashinuv dasturlarini yoʼlga qoʼyish zarurligi aytib oʼtildi.

Uchrashuv soʼngida ikki universitet vakillari onlayn uchrashuvlarda batafsil bu borada kelishuvlar olib borish va zarur qarorlar qabul qilishga kelishib oldilar.

Xalqaro aloqalar boʼyicha prorektor

Raima Shirinova