Shu yilning 25-26-iyun kunlari Vengriyaning Budapesht shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi birinchi akademik anjuman bo‘lib o‘tdi. Ushbu nufuzli xalqaro tadbir Vengriya Madaniyat va innovatsiya vazirligi, Obuda universiteti hamda Turkiy davlatlar tashkiloti hamkorligida tashkil etildi. Mazkur anjuman turkiy makon universitetlari o‘rtasidagi ilmiy va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratildi.
Unda O‘zbekiston, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon va Vengriyadan 18 ta yetakchi universitetlar, shuningdek tegishli vazirliklar va diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi. O‘zbekiston Milliy universiteti nomidan Moliya va iqtisod ishlari bo‘yicha prorektor Vali Yodgarov va Xalqaro hamkorlikni tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Javlonbek Madatov qatnashdilar.

Ilk tashabbuslar va strategik yondashuvlar
Anjumanning birinchi kunida Turkiy davlatlar tashkiloti makonida turkiy davlatlar ilmiy tadqiqot jamg‘armasini tashkil etish, yosh tadqiqotchilar uchun «Talent Camps» va «Excellence Scholarship» dasturlarini joriy qilish hamda akademik mobillikni CEEPUS modeli asosida kengaytirish kabi muhim tashabbuslar ilgari surildi. Turkiy davlatlar o‘rtasida ko‘p tomonlama tadqiqot loyihalari amalga oshirilishi uchun kamida uch mamlakatdan OTMlar ishtirokini nazarda tutuvchi model taklif qilindi.
O‘zMU ushbu tashabbuslarni amalga oshirishda hamkor sifatida ishtirok etishga to‘liq tayyor ekanligini bildirib, o‘z ilmiy salohiyati va global hamkorlikdagi tajribasini taqdim etdi.

Universitetlar taqdimoti va amaliy hamkorlik
Anjumanning ikkinchi kunida universitetlar o‘z ta’lim va ilmiy yo‘nalishlari, global reytinglardagi mavqei va hamkorlik imkoniyatlarini taqdim etish orqali o‘zaro qiziqishni yanada oshirishdi. O‘zMU taqdimoti ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi va yangi aloqalarga asos bo‘ldi.
Shuningdek, O‘zMU tomonidan ilgari surilgan takliflar orasida “tayyorlov bosqichi” konsepsiyasi alohida ahamiyatga ega bo‘ldi.

O‘zMU Axborot xizmati