

O‘zbekiston Milliy universitetida 21-28-iyun kunlari “GEM Silkway: Yashil energiya menejmenti 2025” xalqaro yozgi maktabi bo‘lib o‘tadi. Ushbu loyiha O‘zMU tomonidan Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Navoiy innovatsiya universiteti, shuningdek, Italiyaning Milano Bikokka, Sa Foskari, Milano universitetlari bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
Bugun ushbu yozgi maktabning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Majidov qatnashib, nutq so‘zladi. Rektor yozgi maktabda tanlangan mavzu — yashil energiya va ekologik barqarorlik nafaqat mintaqaviy, balki global miqyosda ham dolzarb ekanini ta’kidladi.
Yozgi maktabning maqsadi – talaba yoshlarni yashil energetika, barqaror rivojlanish va iqlim o‘zgarishi oid global muamolar bilan tanishtirish hamda ularning ushbu sohalardagi bilimni oshirishdan iborat.
Yozgi maktab Yevropa va Osiyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalari hamkorligida tashkil etilib, unda Italiya, Ispaniya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon va O‘zbekistondan 50 nafarga yaqin talaba va professor-o‘qituvchilar ishtirok etadi.

