
Bugun, 8-may kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Toshkent shahar bo‘linmasi Kengashi hamkorligida “Uch avlod uchrashuvi: “An’analar va qadriyatlar” ma’naviy-ma’rifiy anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov, O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi raisi o‘rinbosari Shuhrat Jalilov, O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Toshkent shahar bo‘linmasi Kengashi raisi Abduxalil Raxmonov, faxriy ustozlar, professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.



Anjumanda xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor Raima Shirinova, universitet professori, akademik Bakriddin Zaripov, Nanotexnologiyalarni rivojlantirish markazi direktori, akademik Komil Muqimov, O‘zbekistonning eng yangi tarixi kafedrasi professori Rahbarxon Murtazayeva, Tarix fakulteti dekani Alisher Muminov, Falsafa kafedrasi professori Lalixon Muxammadjonovalar so‘zga chiqishdi.
Tadbir davomida faxriy ustozlar o‘zlarining mehnat faoliyatlari, ish tajribalari, o‘zlari erishgan yutuqlari haqida gapirdilar, shuningdek, bugungi Yangi O‘zbekistonimizda o‘qish istagida bo‘lgan har bir insonga yaratilayotgan imkoniyatlarga havas qilishlari, ushbu imkoniyatning qadriga yetish va ulardan unumli foydalanish zarurligini ta’kidladilar.
Tadbirda so‘zga chiqqan o‘rta avlod vakillari va iqtidorli talaba yoshlar yurtimizda yaratib berilayotgan imkoniyatlar haqida to‘lqinlanib fikr bildirdilar hamda bu kabi tadbirlar ko‘plab tashkil qilinishi zarurligi, bunday tadbirlar yoshlarga jonli maktab vazifasini o‘tashini bildirdilar.





Tadbirda uch avlod vakillari O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Toshkent shahar bo‘linmasi Kengashining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
O‘zMU Axborot xizmati