«YANGI O‘ZBЕKISTON STRATЕGIYASI» KITOBI MAZMUN-MOHIYATI YUZASIDAN TARG‘IBOT ANJUMANI

Joriy yilning 17 sentabr kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi Toshkent shahar Kengashi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar Kengashi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti va “O‘zbekiston-Fransiya” do‘stlik jamiyati bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "Yangi O‘zbekiston strategiyasi" nomli kitobi mazmun-mohiyati yuzasidan targ‘ibot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjumanda O‘zbekiston Milliy universiteti rektori, professor Inom Madjidov, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor Kamoliddin Mirzaaxmedov, Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Zaxidov, O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktyori, O‘zbekiston xalq artisti Yoqub Ahmedov, O‘zMU Ijtimoiy fanlar fakulteti Fuqarolik jamiyati va huquq ta’limi kafedrasi mudiri, professor Akbar Utamuradov, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professori, siyosiy fanlar doktori Baxtiyor Omonov, O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi Toshkent shahar Kengashi raisi, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati Ravshan Fazilov, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar Kengashi raisi Shukurulloxon Anvarov, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti tayanch doktoranti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi sohibasi Farangiz Zaynobiddinova, O‘zMU Ijtimoiy fanlar fakulteti professor-o‘qituvchilari, universitet talaba-yoshlari hamda Toshkent shahridagi 12 ta oliy ta’lim muassasalaridan vakillar ishtirok etdi.


Anjumanni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti rektori, professori Inom Madjidov ochib berdi.
“Mazkur kitob dastlabki kitobxonlarda Yangi O‘zbekistonni zamonaviy demokratik qiyofasi qanday yaratilayotganini, yurtimizda yangi rivojlantirish bosqichiga ko‘tarish uchun ilgarilab olingan strategik yo‘l to‘g‘risidagi yaxlit tasavvur hosil qilish imkonini beradi. Kitob mazmun-mohiyatidan quyidagilarni anglash mumkin: Yangi O‘zbekistonni barpo etish bu shunchaki, xohish-istak, subektiv hodisa emas, tub tarixiy asoslarga ega bo‘lgan mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy vaziyatni o‘zida taqozo etayotgan, xalqimizni asriy orzu intilishlariga mos, uni milliy manfaatlariga to‘la javob beradigan ob’ektiv zaruratdir. Islohotlarimizning asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lgan jamiyatimiz a’zolarini bor bilim va salohiyati, kuch va imkoniyatlarini, butun azmu shijoatimizni ishga solishimiz zarur. Shundagina yangi O‘zbekiston jahon maydonida kuchli salohiyat, munosib va obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan har tomonlama obod va farovon mamlakatga aylanadi. Bugun sizlarga targ‘ib etilayotgan mazkur kitobda butun mamlakatimiz strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari haqida batafsil fikrlar yuritilgan” – deb ta’kidladi universitet rektori Inom Madjidov.


Shundan so‘ng, tadbirga taklif etilgan mehmonlar tomonidan mazkur kitobdagi “Yangi O‘zbekiston”ni va “Uchinchi Renessans” poydevorini barpo etish borasida amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlar va islohotlarning maqsadi, mazmun-mohiyati hamda ustuvor yo‘nalishlari, milliy taraqqiyot istiqbollari haqida atroflicha to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, tadbir yakunida professor-o‘qituvchilar tomonidan yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar alohida e’tirof etilib, talaba-yoshlar bilan ochiq muloqot ko‘rinishida batafsil tushunchalar berildi.

O‘zMU Axborot xizmati