“Eng yaxshi kreativ g‘oya” startap tanlovining universitet bosqichi o‘tkazildi

Bugun Iqtidorli talabalarning faoliyatini tashkil etish bo‘limi tashabbusi bilan “Eng yaxshi kreativ g‘oya” startap tanlovining universitet bosqichi muvaffaqiyatli tashkil etildi.

Tanlovda 20 nafar iqtidorli, tashabbuskor va yangilikka intiluvchi talabalar o‘zlarining innovatsion startap loyihalari bilan ishtirok etdilar. Ular turli sohalardagi dolzarb muammolarga zamonaviy, amaliy va samarali yechimlar taklif qilib, o‘z g‘oyalarining ahamiyatini namoyon etdilar. Har bir loyiha yangicha yondashuv, kreativ fikrlash va real hayotda qo‘llash imkoniyati bilan alohida ajralib turdi.

Tanlovda soha mutaxassislari — “O‘zmilliybank” AJ Olmazor bank xizmatlari markazi Biznes mijozlarni kreditlash bo‘limi loyiha menejeri Shahzod Azimqulov hamda AloqaVentures venchur fondi vakili Axrorbek Ibrohimxojayev mehmon sifatida ishtirok etib, loyihalarga o‘zlarining professional baho va tavsiyalarini berdilar.

Tanlov jarayonida ishtirokchilar o‘z g‘oyalarini ekspertlar hay’ati oldida puxta himoya qildilar. Taqdimotlar davomida ularning muammoni chuqur tahlil qilish qobiliyati, taklif etilgan yechimlarning samaradorligi, bozor talabi hamda biznes modelning barqarorligi asosiy mezon sifatida baholandi.

Ishtirokchilar nafaqat o‘z loyihalarini taqdim etdilar, balki savol-javoblar jarayonida ularni yanada takomillashtirish, mutaxassislardan muhim tavsiyalar olish imkoniyatiga ham ega bo‘ldilar. Bu esa ular uchun katta tajriba maktabi bo‘lib, kelajakdagi rivojlanishlari uchun mustahkam poydevor yaratdi.