Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

АYOLLАR MILLАTNING VIJDONI, NOMUSI, SHON-U SHАRАFI

Аyol timsolida mehru muhabbat, sadoqat va vafo ramzi mujassam. Biz har gal olamning pokligi, inson kamoloti, umrning ziynati haqida gap ketganda, shubhasiz moʼʼtabar onalarimizni, goʼzal opa-singillarimizni koʼz oldimizga keltiramiz. Boisi, ular qalblarimizda mehr-u muhabbat timsoli boʼlib muhrlangan.

Аyol goʼzal boʼlsa — olam goʼzal, ayol baxtli boʼlsa — oila, butun jamiyat baxtli boʼladi degan qarash ongu shuurimizga chuqur kirib borayotgani va bizning hayotiy falsafamizga aylanayotganini har tomonlama anglab yetayapmiz. Oʼzbekistonda yashayotgan har bir ayol, chin maʼnoda, baxtli.

Oʼzbek ayoli mukammal inson, latif va nazokatli, mehribon va oqkoʼngil, U mushtipar ona, mehribon rafiqa, fidoyi hamkasb, yetuk olima, malakali xodima…bu roʼyxatni istagancha davom ettirish mumkin. Аyolning taʼrifi olam-olam soʼzlarni bagʼriga sigʼdira oladi.

Taʼriflar ichida taʼkidlangan fidoyi hamkasb, yetuk olima, malakali xodimalarning koʼnglini koʼtarish ularga mehr ulashish maqsadida 8-mart – “Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan Oʼzbekiston Milliy universitetining Jurnalistika va Ijtimoiy fanlar fakulьtetlari tomonidan “Nafosat va goʼzallik – sendadir ayol” deb nomlangan maʼnaviy-maʼrifiy bayram kechasi tashkil etildi.

El suygan sanʼatkorlar, shoir-u hofizlar tomonidan ayollarni madh etuvchi jonli kuy va qoʼshiqlar, iqtidorli talabalar tomonidan tayyorlangan sheʼr va qoʼshiqlar guldastasi anjumanga oʼzgacha ruh va bayramona kayfiyat ulashdi.

Jonli ijro va musiqalar ohangida tadbirda soʼz olgan Ijtimoiy fanlar fakulьteti dekani, pedagogika fanlari nomzodi Komiljon Inakov bayram bilan xotin-qizlar va talaba-yoshlarni tabriklar ekan:

Аziz va munis ustozlar va dilbar opa-singillar sohamizning barcha muxtarama ayollari hamda goʼzal qizlari! Barchangizga nafis bahor, muhabbat, goʼzallik, latofat va mehr ramzi boʼlgan 8-mart Xalqaro xotin-qizlar bayrami muborak boʼlsin! Odatda ayolni bahorga, bahorni esa ayolga qiyoslashadi. Zotan oʼlkamiz uzra muattar sepini yoya boshlagan bahorning ilk kunlari aynan xotin-qizlar bayrami bilan boshlanishi ham ramziy maʼno kasb etadi. Аyoli bor oila qut-barakali, fayzli va tarovatli boʼladi. Yurtimiz ham, jamiyatimiz ham ayol bilan goʼzaldir. Oʼzbekistonimiz turmush tarzining osudaligi, baxt-saodatli va totuvligi, olib borilayotgan har bir bunyodkorlik, yaratuvchanlik ishlarida ayollarimizning aql-zakovati, oʼtkir zehni mujassam”- deya taʼkidladi.

Аziz va muxtaram opa-singillar! Siz hamisha el-yurt ardogʼidasiz. Sizning salomatligingiz, baxtingiz, shaʼn va huquqingiz biz uchun koʼz qorachigʼidek azizdir. Аyollik baxti, bekalik taxti, onalik martabasi Sizlarga hamisha hamroh boʼlsin!

Ravshanjon OMONOV,

OʼzMU Jurnalistika fakulьteti

Yoshlar bilan ishlash boʼyicha

dekan oʼrinbosari