Xabar berganimizdek, ayni kunlarda Parij shahrida “Ilm-fan va ta’lim: O‘zbekiston-Fransiya ko‘prigi” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazilmoqda. Mazkur nufuzli anjumanda o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Shuhrat Toshmatov boshchiligida universitetimiz delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
Prorektor konferensiyada so‘zga chiqib, “O‘zbekiston va Fransiya: ta’lim va madaniy hamkorlikning strategik istiqbollari” mavzusida ma’ruza qildi.
– O‘zbekiston Milliy universiteti yetakchi fransuz universitetlari bilan faol hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yib kelmoqda. Bunga yorqin misol sifatida CNRS (Fransiya Milliy tadqiqotlar markazi) va Puatye universiteti bilan hamkorligimizni keltirish mumkin. Ayniqsa O‘zMU Puatye universiteti bilan akademik mobillik dasturlari va inklyuziv ta’lim tashabbuslarini amalga oshirish bo‘yicha strategik hamkorlikni rivojlantirmoqda.
Madaniy hamkorlik aloqalarimiz mustahkamlanishida muhim o‘rin tutadi. Fransuz tili va madaniyati an’anaviy ravishda O‘zbekistonda katta qiziqishga ega bo‘lib, universitetlarimiz fransuz tilini chuqur o‘rganish va madaniyatlararo muloqotni rivojlantirishga qaratilgan dasturlarni faol joriy etmoqda.
2024-yil noyabr oyida O‘zbekiston Milliy universitetida Fransiya elchixonasining qo‘llab-quvvatlashi bilan butun respublika bo‘ylab fransuz tili o‘qituvchilari uchun malaka oshirish kurslari o‘tkazildi. Fransiyalik yetakchi professorlarning qatnashishi zamonaviy o‘qitish metodikalarini qo‘llashni joriy etish imkonini berdi, – deydi Shuhrat Toshmatov.
O‘zMU Axborot xizmati