Targ‘ibot ishtirokchilari Andijonda

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti tashabbuskorlari “YANGI O‘ZBЕKISTON – YANGICHA DUNYOQARASH” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy, madaniy tadbirlar o‘tkazishni davom ettirmoqda. Mazkur tadbir Andijon viloyati Andijon tumanidagi Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida ham bo‘lib o‘tdi. Andijon tumanida istiqomat qilayotgan yoshlar, hunarmandlar, jazo muddatini o‘tab kelgan reabilitatsiyadagi fuqarolar ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bilan birga ularning muammolari xususida ham to‘xtalib o‘tildi.Har bir fuqaro taqdirining vatanimiz taqdirida, rivojida o‘rni borligi ta’kidlandi.

Andijon shahrining “Yoshlar markazi”da o‘tkazilgan tadbir tashrif buyurganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Taklif etilgan san’atkorlar musiqiy guldastalarini yig‘ilganlarga armug‘on etdi. Ayniqsa, betakror xonishlari bilan xalq ko‘nglidan joy olgan xonanda Gulsanam Mamazoitovaning taronalari barchaga estetik zavq berdi. Kuy-qo‘shiqlar avjida raqsga tushayotganlarning quvonchi ko‘zlarida aks etdi. Butun jahon bo‘ylab kezib yurgan virus balosi bir dam insonlar qalbiga xavotir soldi. Shunga qaramasdan hamjihatlikda unga qarshi kurashib, yurt ravnaqi yo‘lida sobit qadam tashlab, yangi kunga yangicha qarash bilan intilish kerakligini anglatish tadbirning maqsadlaridan biridir.

Xalq farovonligi, kelajak avlodning baxti, keksalarning farog‘ati, umuman yurtimiz aholisining ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash yo‘ldida olib borilayotgan tadbirlar hamyurtlarimizda katta taasurot o‘yg‘otmoqda.

O‘zMU Axborot xizmati