O‘zbekiston Milliy universitetida Davlat bayrog‘i qabul qilinganining 35 yilligi keng nishonlandi

O‘zbekiston Milliy universiteti Harbiy tayyorgarlik o‘quv markazida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganining 35 yilligi munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda universitet rahbariyati, Harbiy tayyorgarlik o‘quv markazi jamoasi, professor-o‘qituvchilar, kursantlar, talaba-yoshlar hamda Toshkent davlat texnika universiteti rahbariyati ishtirok etdi.


Tadbir universitet birinchi prorektori Tunis Xojiyevning samimiy tabrik so‘zlari bilan boshlandi. U o‘z nutqida Davlat bayrog‘ining xalqimiz hayotidagi o‘rni, milliy g‘urur va iftixor ramzi sifatidagi ahamiyatini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, Olmazor “Yoshlik” talabalar shaharchasi hokimi Farruh Temirov, Toshkent davlat texnika universiteti birinchi prorektori Yusuf Absoatov hamda Harbiy tayyorgarlik o‘quv markazi boshlig‘ining tarbiyaviy-mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, podpolkovnik Hamdambek Shomuratov so‘zga chiqib, Davlat bayrog‘ining mamlakatimiz mustaqilligi, milliy birlik va Vatanga sadoqat timsoli sifatidagi ahamiyati, yosh avlod qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishdagi o‘rni haqida fikr bildirdilar.

Tadbir davomida Davlat bayrog‘ining qabul qilinishi tarixi, undagi ranglar va ramzlarning mazmun-mohiyati, shuningdek, mustaqillik yillarida mamlakatimiz erishgan yutuqlarda davlat ramzlarining tutgan o‘rni haqida so‘z yuritildi. Kursantlar va talaba-yoshlar tomonidan Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlar va yurtga sadoqatni tarannum etuvchi she’rlar hamda badiiy chiqishlar namoyish etildi.

 

Bayram tadbiri ishtirokchilarda Vatanga muhabbat, milliy iftixor va davlat ramzlariga hurmat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Tadbir yakunida Davlat bayrog‘i har bir fuqaro uchun faxr va g‘urur timsoli ekanligi yana bir bor e’tirof etildi.