Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Milliy universitetida Jurnalistika va o‘zbek filologiyasi fakulteti O‘zbek adabiyotshunosligi kafedrasi tomonidan O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda “Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiy merosining bashariyat tamaddunida tutgan o‘rni” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Unda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, turkiyalik olimlar, jumladan, Anqara Boshkent universiteti Alisher Navoiy tadqiqot markazi rahbari, professor Abdurahmon Go‘zal, “Donishmand” huquq maslahat markazi direktori Kamol Yavuz Ataman, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasidan shoir-yozuvchilar, keng jamoatchilik vakillari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Milliy universiteti prorektori Shuhrat Toshmatov nutq so‘zlab, “Biz o‘zbek ziyolilari Navoiy va Bobur dahosi bilan haqli ravishda faxrlanamiz, ularning hayot yo‘lini yoshlarga tarbiya vositasi deb bilamiz va ijodiy merosini o‘rganishni olimlarimizning sharafli burchi ekanini his qilamiz”, deya e’tirof etdi. O‘zbek adabiyotshunosligi kafedrasi mudiri, professor Hamidulla Boltaboyev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo, Jurnalistika va o‘zbek filologiyasi fakulteti dekani Muzaffar Chorshanbiyev, O‘zRFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori o‘rinbosari, professor Maqsud Asadov, O‘zR FA Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi katta ilmiy xodimi Otabek Jo‘raboyev hamda bir guruh professor-o‘qituvchilar ikki buyuk daho hayoti va ijodini o‘rganish, tadqiq etish xususida ma’ruza qilishdi.
Anjumanda ulug‘ adiblar ijodiy merosining ahamiyati, asarlarida tarannum etilgan yuksak insoniy fazilatlar, Alisher Navoiy “tanbeh”larining poetik xususiyatlari, Ahmad Yassaviy va Alisher Navoiy ijodidagi universal jihatlar, Alisher Navoiy poetikasiga asos bo‘lgan manbalar, Osiyo tarixini o‘zgartirgan ulug‘ yetakchi Gʻoziy Muhammad Zahiriddin Boburning serqirra faoliyati, Boburning yevropalik tadqiqotchilari, Boburning navoiyshunoslik faoliyati haqida so‘z yuritildi.
“Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiy merosining bashariyat tamaddunida tutgan o‘rni” mavzusidagi ilmiy-amaliy anjuman quyidagi sho‘balar asosida ish olib bordi:
- Alisher Navoiy va mumtoz adabiy an’analar
- Ikki buyuk dahoning o‘zbek adabiyoti taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi
- Alisher Navoiy va Bobur ijodini o‘rganishning nazariy masalalari
- Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarining xorijiy tillarga tarjimasi hamda adabiy ta’sir masalalari
- Alisher Navoiy va Bobur asarlarining til xususiyatlari
Anjuman so‘ngida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo va turkiyalik mehmonlar Hazrat Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarini Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetiga sovg‘a sifatida taqdim qilishdi. Anjuman ishtirokchilariga sertifikatlar berildi.
O‘zMU Axborot xizmati