Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

GEM Silkway loyihasi doirasida xalqaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.



Bugun, 24 iyun kuni O‘zbekiston Milliy universiteti xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Raima Shirinova Italiyaning nufuzli Milano-Bikokka universiteti prorektori Matteo Colleoni, shuningdek professor-o‘qituvchilar Maurizio Acciarri va Silvana Stefani bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Mazkur uchrashuv “GEM Silkway: Yashil energiya menejmenti 2025” loyihasi doirasida tashkil etildi. Unda ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi ilmiy-akademik hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida tomonlar “GEM Silkway” xalqaro yozgi maktabi tajribasidan kelib chiqqan holda kelgusida yangi qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga kelishib oldilar. Xususan, barqaror rivojlanish, yashil energiya, ekologik menejment va iqlim o‘zgarishi kabi dolzarb yo‘nalishlarda qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda ularni xalqaro miqyosda amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, raqobatbardosh ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlash, qo‘shma magistratura va doktorantura dasturlarini yo‘lga qo‘yish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi dasturlarini kengaytirish, akademik mobillikni kuchaytirish borasida ham kelishuvga erishildi.

Uchrashuv yakunida har ikki tomon ushbu hamkorlikni izchil davom ettirish, uni yangi bosqichga olib chiqish va xalqaro miqyosdagi ilmiy-loyihaviy faoliyatni yanada faollashtirishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.


Xalqaro aloqalar bo’limi