Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

O‘zbekiston Milliy universiteti huzurida Nazariy fizika instituti tashkil etiladi

“Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzurida Nazariy fizika institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi Hukumat qarori (795-son, 17.12.2025 y.) qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzurida Nazariy fizika instituti tashkil etiladi.

Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilandi, jumladan: nazariy fizikaning kvant maydon nazariyasi, subatom fizikasi, nochiziqli fizika, gravitasion maydon nazariyasi, kvant tarmoqlar va dinamik tizimlarning muammolari bo‘yicha ilmiy anjumanlar tashkil etish; oliy ta’lim tashkilotlarida iqtidorli talabalar va magistrantlarni ilmiy faoliyatga jalb etish orqali yuqori salohiyatli yosh nazariyotchi fiziklarni tayyorlashda oliy ta’lim tashkilotlariga ko‘maklashish; fizika sohasida rivojlangan mamlakatlarda olib borilayotgan tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishlari va istiqbollari to‘g‘risida tahliliy ma’lumotlar tayyorlash.

Institutga quyidagi huquqlar beriladi: boshqa ilmiy tashkilotlar, jamg‘armalar, o‘quv muassasalari, shu jumladan, xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan birgalikda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish uchun shartnomalar tuzish; ilmiy tadqiqotlar sohasida zarur axborotlarni, statistik, tahliliy va boshqa ma’lumotlarni davlat organlari va tashkilotlaridan so‘rash va bepul olish.