Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Fizika fakultetida amalga oshirilgan ishlar o‘rganildi

O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov yangi tashkil etiluvchi Nazariy fizika institutini Fizika fakulteti binosida joylashtirish, uning moddiy-texnika bazasini shakllantirish va zamonaviy shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Shuningdek, I.Madjidov fakultetda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar jarayoni bilan ham tanishdi. Jumladan, “Lazerli plazma” ilmiy laboratoriyasida LIBS — laser-induced breakdown spectroscopy usulini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va uni sanoat, ekologik nazorat va ilmiy sohalarda qo‘llash imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Fakultetdagi Funksional materiallar laboratoriyasida ZnO, SnO₂, Ga₂O₃ kabi metall oksidi yarimo‘tkazgich yupqa qatlamlari va nanotuzilmalarini sintez qilish texnologiyalari, ularning fizik xossalarini o‘rganish jarayoni, shuningdek, ushbu materiallarni quyosh elementlari va optoelektron qurilmalar uchun shaffof elektrod sifatida qo‘llash imkoniyatlari muhokama qilindi.

Tashrif yakunida O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Nanotexnologiyalarni rivjlantirish instituti faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha avval berilgan topshiriqlar ijrosi ko‘rib chiqildi va mutasaddilarga yangi vazifalar yuklandi.