O‘zbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti Siyosatshunoslik kafedrasi professor-o‘qituvchilari va talabalari Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib, Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda talaba-yoshlarga mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar, qabul qilinayotgan qonunlar mazmun-mohiyati hamda Qonunchilik palatasining faoliyati haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, siyosiy partiyalar fraksiyalari, qo‘mitalar, Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya va Yoshlar parlamenti faoliyati bilan tanishtirildi.

Muloqot davomida qonun loyihalarini ishlab chiqish, ularni ko‘rib chiqish va parlament muhokamasiga kiritish jarayonlari haqida tushuntirish berildi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga deputatlardan javob oldilar.

Tashrif davomida talabalar Qonunchilik palatasi binosi, Oliy Majlis tarixi aks etgan muzey, parlament kutubxonasi hamda yalpi majlislar zali bilan tanishdilar. Zamonaviy va boy adabiyot fondiga ega parlament kutubxonasi talaba-yoshlarda katta taassurot qoldirdi.