Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida aksiyadorlik tijorat “Aloqabank” bilan ta’lim, ilm-fan va amaliyotni uyg‘unlashtirishga qaratilgan hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat universitet va bank o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada mustahkamlash, talabalar va yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek innovatsion g‘oyalar va startap tashabbuslarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Memorandum universitet tomonidan O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Shuhrat Toshmatov, bank tomonidan esa boshqaruv raisi o‘rinbosari Jo‘rabek Uroqov tomonidan imzolandi. Tadbir davomida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, ta’lim jarayonini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish hamda talabalar uchun yangi imkoniyatlar yaratish masalalari muhokama qilindi.

Mazkur memorandum doirasida universitet va bank qator ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga kelishib oldilar. Jumladan, talabalarning bank tizimida amaliyot o‘tashini tashkil etish, talabalar uchun haq to‘lanadigan amaliyot dasturlarini yo‘lga qo‘yish, universitet bitiruvchilarini bank tizimida ish bilan ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, tomonlar startap va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish, universitetda yaratilayotgan ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldilar. Bu esa talabalarning innovatsion g‘oyalarini rivojlantirish va ularni amaliy loyihalarga aylantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Uchrashuv davomida ta’lim muassasalari va bank-moliya tizimi o‘rtasidagi hamkorlikning ahamiyati alohida ta’kidlandi. Bunday hamkorlik talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, ularning kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirish hamda mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashga xizmat qilishi qayd etildi.

Memorandum doirasida kelgusida qo‘shma seminarlar, master-klasslar, treninglar va ilmiy-amaliy tadbirlarni tashkil etish, bank mutaxassislarini ta’lim jarayoniga jalb qilish, talabalar uchun amaliy mashg‘ulotlar va mutaxassislikka oid tadbirlarni o‘tkazish ham rejalashtirilmoqda.

Ushbu hamkorlik Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari uchun amaliy tajriba orttirish, moliya-bank sohasi bilan yaqindan tanishish va o‘z kasbiy salohiyatini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda. Shu bilan birga, mazkur tashabbus mamlakatimizda ilm-fan, ta’lim va iqtisodiyot integratsiyasini mustahkamlashga xizmat qiladi.