Xalqaro matematika kuniga bag‘ishlangan respublika miqyosidagi ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Milliy universiteti Matematika fakulteti, O‘zR FA Matematika instituti hamda O‘zbekiston Matematika jamiyati hamkorligida Xalqaro matematika kuniga bag‘ishlangan “Zamonaviy matematikaning dolzarb muammolari va tatbiqlari” mavzusidagi respublika miqyosidagi yosh olimlarning ilmiy konferensiyasi o‘tkazildi. Konferensiyaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Sh.A. Ayupov, universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, professor Y.S. Ergashov, V.I. Romanovskiy nomidagi Matematika instituti direktor o‘rinbosari, akademik O‘.A. Roziqov, shuningdek, professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar, doktorantlar va magistrantlar ishtirok etdilar.

Mazkur ilmiy anjuman 14-mart — Xalqaro matematika kuni munosabati bilan tashkil etildi. Ushbu sana matematikaning mashhur doimiylaridan biri bo‘lgan π (pi) sonining taxminiy qiymati — 3.14 bilan bog‘liq holda butun dunyoda matematika kuni sifatida nishonlanadi. Anjuman yosh tadqiqotchilar uchun ilmiy natijalarini taqdim etish, tajriba almashish hamda yangi ilmiy hamkorliklarni yo‘lga qo‘yish uchun muhim ilmiy maydon vazifasini o‘tadi.

Konferensiya doirasida matematikaning turli fundamental va amaliy yo‘nalishlari bo‘yicha yosh olimlar, doktorantlar, magistrantlar hamda iqtidorli talabalar o‘z ilmiy ishlari bilan qatnashdilar. Shuningdek, Matematika fakultetiga biriktirilgan Olmazor tumanidagi 249-maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan matematika olimpiadasi g‘oliblari taqdirlanib, ularga O‘zbekiston Matematika jamiyatining faxriy yorliqlari va esdalik sovg‘alari topshirildi.