Oʻzbekiston va Tojikiston oliy taʼlim muassasalari rektorlarining III forumi oʻtkazildi

Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahrida 12-14-mart kuni Oʻzbekiston va Tojikiston oliy taʼlim muassasalari rektorlarining III forumi boʻlib oʻtdi. Mazkur nufuzli tadbir ikki mamlakat oʻrtasida taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim muloqot maydoniga aylandi.

S.Ayniy nomidagi Tojikiston davlat pedagogika universitetida boʻlib oʻtgan forumda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Tojikiston Respublikasi Taʼlim va fan vazirligi rahbarlari, ikki mamlakatning yetakchi oliy taʼlim muassasalari rektorlari, olimlar va ekspertlar qatnashdi.

Mazkur forumda O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov hamda prorektor Ravshan Musurmanov ham ishtirok etdi. Rektor ma’ruza bilan chiqish qilib, so‘nggi yillarda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining Tojikistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorligi izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Xususan, ikki davlat universitetlari o‘rtasida qator hamkorlik bitimlari imzolangani, talabalar akademik mobilligi yo‘lga qo‘yilgani hamda professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilarning ilmiy anjumanlar, konferensiyalar va qo‘shma tadqiqotlarda faol ishtiroki kengaygani qayd etildi.

Shuningdek, u O‘zbekiston va Tojikiston universitetlari o‘rtasidagi hamkorlik umumiy tarixiy va ilmiy an’analarga tayanishini, bunday muloqotlar esa o‘zaro ishonchga asoslangan mustahkam akademik muhitni shakllantirishga xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi. Rektor o‘z nutqida istiqbolda qo‘shma ilmiy loyihalarni kengaytirish, doktorantura darajasidagi tadqiqotlar hamda yoshlar va talabalar o‘rtasidagi ilmiy-madaniy almashinuv dasturlarini rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etishini ham qayd etdi.

Forum doirasida Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti hamda Tojikiston davlat huquq, biznes va siyosat universiteti o‘rtasida akademik va ilmiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv imzolandi. Unga ko‘ra, tomonlar akademik mobillikni rivojlantirish, professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, xalqaro konferensiyalar va seminarlar tashkil etish, ilmiy maqolalar hamda monografiyalar tayyorlash, shuningdek doktorantlar uchun ilmiy rahbarlik va maslahatlashuvlarni yo‘lga qo‘yish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.

Forumda ikki davlat oliy taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, ilmiy-tadqiqotlar hamda innovatsion rivojlanish, pedagog kadrlar tayyorlashni modernizatsiya qilish, qoʻshma taʼlim dasturlarini kengaytirish, til siyosati hamda akademik mobillikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Bu yoʻnalishda universitetlar oʻrtasida tajriba almashish va qoʻshma taʼlim loyihalarini amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.

O‘zMU Axborot xizmati