Universitet Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Bugun, 27-mart kuni O‘zbekiston Milliy universitetida Universitet Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda oliygoh faoliyatining ustuvor yo‘nalishlariga oid muhim masalalar keng muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Kengash kun tartibiga muvofiq, ilmiy unvonlarga taqdim etish masalasi ko‘rib chiqildi. Kengash qaroriga asosan, professor ilmiy unvoniga 5 nafar, dotsent ilmiy unvoniga esa 11 nafar nomzod tavsiya etildi.

Shuningdek, universitet huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengashlar faoliyati tahlil qilinib, ularning samaradorligini oshirish, ilmiy izlanishlar sifatini yanada yuksaltirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ilgari surildi.

Yig‘ilishda universitet professor-o‘qituvchilari tarkibidan professor va dotsent vazifasini bajaruvchi, shuningdek, katta o‘qituvchi va o‘qituvchi lavozimlari uchun tanlov talablarini takomillashtirish, tanlov jarayonlarining shaffofligi va samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, kafedra mudiri va professor lavozimlari bo‘yicha tanlov natijalari ko‘rib chiqilib, kafedra mudiri lavozimiga 4 nafar, professor lavozimiga 23 nafar nomzod tavsiya etildi.

Kun tartibidan o‘rin olgan yana bir muhim masala — universitet huzuridagi Nanotexnologiyalarni rivojlantirish markazining ilmiy faoliyati bo‘lib, unda markaz tomonidan erishilgan natijalar hamda istiqboldagi ustuvor vazifalar yuzasidan axborot tinglandi.

Bundan tashqari, amalga oshirilayotgan ilmiy loyihalar bajarilishi, ularning natijadorligi va amaliy ahamiyati tahlil qilinib, kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.

Yig‘ilishda 2025/2026 o‘quv yili qishki sessiyasi yakunlari ham ko‘rib chiqilib, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarida ta’lim sifati ko‘rsatkichlari muhokama qilindi.

Shuningdek, universitetda o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlanganlik darajasi, 2025-yilgi nashr rejasining ijrosi tahlil qilinib, 2026-yilda tayyorlanadigan o‘quv va o‘quv-uslubiy adabiyotlar nashr rejasini tasdiqlash masalasi ko‘rib chiqildi. Professor-o‘qituvchilar tomonidan tayyorlangan o‘quv adabiyotlariga nashr guvohnomasi berish yuzasidan ham tegishli qarorlar qabul qilindi.

Kengashda, shuningdek, qator tashkiliy va moliyaviy masalalar ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, ilmiy darajaga ega xodimlarni moddiy rag‘batlantirish, Nanotexnologiyalarni rivojlantirish markazi hamda Nazariy fizika institutining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, akademik litsey o‘quvchilariga rektor stipendiyasini tayinlashni tasdiqlash hamda Kimyo fakultetida yangi kafedra filiali tashkil etish masalalari yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan qabul qilingan qarorlarning ijrosini ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.

O‘zMU Axborot xizmati